Ikki yil avval kelganimda, meni roʻyxatga qoʻyish masalasida katta byurokratik toʻsiqlarga duch kelgandim, bu safar masala ikki daqiqada hal qilindi — Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi

19:28 29 Sentyabr 2021 Jamiyat
509 0

Foto: “Xalq soʻzi”

29-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirishning ustuvor vazifalari” mavzusida seminar oʻtkazildi. Seminarda Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova, Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi Karsten Xayns ishtirok etdilar. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yirik tashkilotlarining amaldagi rahbar oʻrinbosarlaridan biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatilgan.

— Yurtimiz ilm-fani oldida turgan eng katta masalalardan biri bu — ilm-fan natijalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, ijtimoiy soha yoʻnalishlariga joriy etishdir, — dedi vazir oʻrinbosari Sh. Turdiqulova. — Aynan innovatsiyalar boʻyicha masʼul rahbarlar mana shu ishga bosh-qosh boʻlishlari, soha, tarmoq oldida turgan muammolarni aniqlab, ularni vazirlik orqali olimlarga yetkazishlari zarur. Olimlar sizlarning topshirigʻingizga koʻra maʼlum muammoni hal etish ustida tadqiqotlar olib borishlari kerak. Ana shundagina innovatsion sikl hosil boʻladi. Muammolarning ilmiy yechimini berish orqali mahsulot va xizmatlarning sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bizu sizning oldimizdagi vazifadir.

Seminar vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha biriktirilgan rahbar oʻrinbosarlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, vazirlik tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, tarmoq tashkilotlar tomonidan innovatsion faoliyat sohasida uch yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishda asosiy eʼtibor berish kerak boʻlayotgan jihatlar muhokama qilindi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar oʻrinbosarlarining biriga innovatsiyalar boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilgan boʻlib, ular, xususan, iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlashda ishtirok etish hamda tarmoq boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga masʼuldirlar. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etish rahbar oʻrinbosarlaridan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish choralarini koʻrishlari talab etiladi.

— Soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistondan katta oʻzgarishlar boʻlganini men oʻz tanamda his qilib turibman — dedi xalqaro maslahatchi K. Xayns. — Konvertatsiya masalasi hal boʻldi, davlat korxonalari xususiylashtirilmoqda, odamlarning ijtimoiy muammolariga alohida eʼtibor qaratilyapti, soʻz erkinligi berildi. Ikki yil avval kelganimda, meni roʻyxatga qoʻyish masalasida katta byurokratik toʻsiqlarga duch kelgandim, bu safar masala ikki daqiqada hal qilindi. Buni Oʻzbekistonda elektron hujjat almashinuvining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganidan deb bildim. Demak, oʻzgarishlar bor, ularni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz. Endigi vazifamiz hududlarning innovatsion rivojlanishini taʼminlashdir. Hududlarni innovatsion rivojlanishi qandaydir fantastik gʻoyalarni amalga oshirilishi bilan emas, balki aholiga ish joylarini tashkil etish, ularning turmush sharoitini oshirish, bilim olishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Malakali kadrlarning hududlarda ish bilan taʼminlanishi va yashashi uchun yaxshi sharoit boʻlishi bevosita innovatsiyalarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 140 ta tashkilotlardagi rahbar oʻrinbosarlarning biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatildi va ularning bazaviy lavozim maoshiga har oyda 30 foiz miqdorida ustama toʻlanish tizimi joriy etildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarida innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga masʼul boʻlinmalar 110 taga yaqin tashkilotlarda tashkil etildi hamda tegishli boʻlinmalarni faoliyati muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari innovatsiyalarni joriy etishga biriktirilgan oʻrinbosarlar faoliyati yil yakuni boʻyicha vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida baholanadi hamda eng faol oʻrinbosarlar taqdirlanadi.

Tadbirda vazirlik boshqarma boshliqlari Farhod Jumayev, Sanjar Berdiyev va Absalom Ishimov maʼruzalar bilan chiqish qildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?