III Toshkent Xalqaro marafoniga tayyorgarlik avjida, roʻyxatdan oʻtganlar soni 1 500 nafardan ortib ketdi

12:08 27 Mart 2021 Sport
1135 0

Xabaringiz bor, shu yil 28-mart kuni poytaxtimizda yilning eng muhim sport voqeliklaridan biri – III Toshkent Xalqaro marafoni oʻtkaziladi. Ayni paytda boʻlajak tadbirga tayyorgarlik ishlari qizgʻin ketmoqda.

Dunyoda COVID-19 virusining keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemik sharoitni inobatga olib, III Toshkent Xalqaro marafoni karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilingan holda tashkil etiladi.

Bugun marafon (42,195 km), yarimmarafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) hamda 3km masofaga oʻtkaziladigan poygalarga ishtirokchilarni roʻyxatga olish jarayoni yakunlanadi.

Marafon musobaqasida 18 yosh va undan yuqori boʻlgan professional sportchilar ishtirok etish huquqiga ega. Ular medal, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalardan tashqari Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi uchun ham kurash olib borishadi.

Ekiden — bu marafon poygasining zamonaviy koʻrinishi boʻlib, unda ishtirokchilar xuddi marafon singari 42 km 195 metr masofani bosib oʻtishlari zarur. Faqat, bunda belgilangan masofani bir kishi emas, balki 6 nafar ishtirokchi jamoaviy estafeta shaklida bosib oʻtishadi. Ushbu yoʻnalishda ishtirokchilar mos ravishda 5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km masofani ketma-ketlikda bosib oʻtishlari talab qilinadi.

Hozirda III Toshkent Xalqaro marafoni shtabida ish jarayoni qizgʻin ketmoqda. Musobaqa yaqinlashgani sari unda qatnashish istagini bildirgan yurtdoshlarimizning safi tobora ortib bormoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, musobaqada qatnashish uchun onlayn va offlayn tarzda roʻyxatdan oʻtganlar soni 1 500 nafardan ortib ketdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

III Toshkent Xalqaro marafoni shtabida hakamlar uchun seminar tashkil etilib, ularga musobaqa qoidalari yana bir bora tushuntirib oʻtildi.

Shuningdek, tashkiliy qoʻmita aʼzolari hakamlar bilan birgalikda III Toshkent Xalqaro marafoni trassasini yana bir bora koʻzdan kechirib chiqdi va musobaqa paytida qanday harakatlanish borasida oʻzaro kelishib olindi.

Xullas, poytaxtimiz katta sport bayramiga shay. Umid qilamizki, ertaga boʻladigan marafonda sportchilarimiz oʻzlariga bildirilgan ishonchni toʻliq oqlaydi va Tokio — 2020 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritib, yurtdoshlarimizni quvontirishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?