IIB fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda xushyorlikka chaqirmoqda

14:47 08 Oktyabr 2021 Jamiyat
602 0

“Telegram” ijtimoiy tarmogʻida fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanib ularni obroʻsizlantirish bilan tahdid qiluvchi shaxslar aniqlanmoqda. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.

“Telegram” ijtimoiy tarmogʻida tovlamachilik yoʻli bilan daromad orttirish maqsadida boʻlgan ayrim shaxslar ijtimoiy muhandislik uslubidan foydalanmoqda. Ular dastlab fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni (fotosurati, ismi, sharifi, telefoni, manzili va boshqalar) toʻplagan. Keyinchalik ushbu maʼlumotlardan fuqarolarning shaʼni va obroʻsiga putur yetkazuvchi “post”lar tayyorlagan. Obroʻsizlantiruvchi postni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga fuqarolardan pul mablagʻlarini talab qilgan.

Hozirgi vaqtgacha mamlakatimizda firibgarlik bilan shugʻullanuvchi telegram kanallarining bir nechtasi aniqlandi. Ularni yurituvchi shaxslar xorij davlatlarida turib faoliyat olib boradi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu va boshqa turdagi jinoiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi barcha kanallarning yurituvchilari aniqlanmoqda. Xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tergovga qadar tekshiruvlar oʻtkazilmoqda. Hozirda mazkur jinoiy kanallarni bloklashning texnik imkoniyatlari mavjud emas.

Shu oʻrinda, fuqarolardan shaxsiy hayotingizga aloqador boʻlgan maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylamaslikni, begona guruh va kanallarga tarqatmaslikni soʻraymiz. Aks holda, tovlamachilarning qurboniga aylanishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?