IHTga aʼzo davlatlar vakillari: korrupsiyaga yoʻl yoʻq

18:50 16 Iyun 2021 Jamiyat
313 0

Toshkent shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va Ombudsmanlarining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda aʼzo davlatlar mutasaddi idoralarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) — aʼzo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi boʻyicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Mazkur nufuzli mintaqaviy birlashma 1985-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi va sanoat kabi ustuvor yoʻnalishlarda davlatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.

Unga bugungi kunda 10 ta davlat — Oʻzbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afgʻoniston aʼzo.

IHTga aʼzo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlari rahbarlari va Ombudsmanlarining birinchi uchrashuvi 2011-yilning may oyida Tehronda boʻlib oʻtgan edi. Yigʻilishning mazmun-mohiyati aʼzo davlatlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mintaqaviy tajriba almashish, davlatlar oʻrtasida yagona korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati mexanizmini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan. Shuningdek, tizimda qoʻshimcha takliflar ishlab chiqish, tuzilmalar xodimlarining kasbiy faoliyatini yuksaltirish ham yigʻilishning maqsad va vazifalaridan hisoblanadi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T. Norboyeva hamda IHT Bosh kotibi oʻrinbosari J. Asanov aʼzo mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda Ombudsmanlari amalga oshirayotgan islohotlar, qabul qilingan qonunlar va qarorlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda Ombudsmanlarning oʻrni, bu jarayonda inson huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilish kafolatlari haqida soʻz yuritdi.

— Korrupsiya hech bir davlatni chetlab oʻtmagan va mamlakatlar, umuman, dunyo hamjamiyati bu borada xalqaro standart boʻlishini xohlayapti, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burhonov. — Bilamiz, 2003-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha konvensiya qabul qilingan va unda korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro umumiy standartlari belgilab berilgan. Oʻzbekiston ham 2008-yilda ushbu konvensiyaga qoʻshilgan hamda bu boʻyicha bir qator majburiyatlarni, yaʼni mazkur yoʻnalishda alohida tuzilma boʻlishi, halollik standarti kabilarni zimmasiga olgan.

Shuningdek, mazkur standartlar boʻyicha mintaqaviy tashkilotlar ham mavjud. Xususan, IHTda ham korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari hamda Ombudsmanlarning alohida kengashi tashkil etilgan. 2001-yilda tashkil etilgan kengashning shu paytgacha uchta yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda bir qator masalalar, xususan, Mintaqaviy markazning tashkiliy masalalari koʻrib chiqildi. Markaz Eronning Tehron shahrida joylashadi va unda IHTga aʼzo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda Ombudsmanlarning oʻzaro hamkorligi muvofiqlashtiriladi. Mintaqaviy markaz davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bilan bogʻliq tashkiliy masalalariga koʻmaklashadi. Markaz faoliyatida sohada xalqaro tajriba va bilim almashish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi. Muhim siyosiy tadbir va anjumanlar oʻtkaziladi.

Tadbir davomida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga tashrifi doirasida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi almashinuvida sohaga oid kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlari muhokama etildi. Shuningdek, Qozogʻiston bilan tizimda hamkorlikni yana-da mustahkamlash yuzasidan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Yigʻilishning ikkinchi qismida tashkilotga aʼzo davlatlar Ombudsmanlarining maʼruzalari tinglandi. Aʼzo davlatlar inson huquqlari boʻyicha vakillari tomonidan oʻz mamlakatida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyatlaridagi ilgʻor tajriba hamda duch kelinayotgan muammoli holatlar muhokama qilindi. Ombudsman vakolatlari doirasini kengaytirish, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha preventiv mexanizmni takomillashtirish orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Soʻzga chiqqanlar anjumanning inson huquqlarini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida muhim oʻrin egallashini inobatga olib, koʻtarilgan tashabbuslar, qabul qilinayotgan hujjatlar har bir davlat uchun amaliy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar.

Tadbirning yakuni sifatida davlatlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida takliflar ishlab chiqildi. Ushbu takliflar asosida Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?