Xrizantema gulini Jomboy sharoitiga moslashtirgan fermer 600 million so‘m daromad olishni moʻljallamoqda

14:31 15 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
1386 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sobirov Toshmurod” fermer xo‘jaligi 17 gektar yer maydonida g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiradi. O‘tgan yili Namanganda bo‘lib o‘tgan gul saylida qatnashgan fermer Akbar Sobirov vodiy viloyatlaridagi tadbirkorlar asli vatani Gollandiya bo‘lgan xrizantemani mahalliy sharoitda yetishtirib, mo‘maygina daromad olayotganiga guvoh bo‘ldi.

Fermer xo‘jaligini ko‘p tarmoqliga aylantirish, bozor talab va taklifidan kelib chiqqan holda boshqa turdagi ekinlarni yetishtirish maqsadida tadbirkor yangi loyihaga qo‘l urdi. U Gollandiyadan 20 ming dona xrizantema ko‘chatlarini keltirib, issiqxonada mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirdi va tajriba sifatida erta bahorda 1 gektardan ortiq yer maydoniga ekib parvarishladi.

Astoydil qilingan mehnat o‘z samarasini berdi – xrizantema gullari fermer dalasini alvon ranglarga “bo‘yadi”. Ayni kunlarda bu yerda o‘n turda 25 ming tupdan ortiq gullar yetishtirilyapti. Bugungi kunda fermerning gulzorida  oila aʼzolari bilan birga qirqqa yaqin kishi doimiy ish bilan taʼminlanib, qo‘shimcha daromad olmoqda.

— Tajriba sifatida 1,2 gektar yer maydoniga shu gullarni ekib, qariyb 600 million so‘m foyda olishni mo‘ljallab turibmiz, — deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Baxtiyor Sobirov. — Gullarni parvarishlashda “O‘zagroinspeksiya”ning Jomboy tuman bo‘limi mutaxassislari bizga yaqindan yordam berdi.

Hozirda “Sobirov Toshmurod” fermer xo‘jaligida yetishtirilgan xrizantema gullari tadbirkorlar va aholi tomonidan xarid qilinmoqda.

-Bulung‘ur tumanidanman. Xususiy klinikam hududini obodonlashtirish uchun  xrizantema gullaridan  300 dona xarid qildim. Narxlari ham bozordan ancha arzon, - deydi tadbirkor Dildora Farmonova.

Kelgusida fermer xo‘jaligi tomonidan yana 3 gektar yer maydonida xrizantema gullari yetishtirib, qo‘shni Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlariga ham yetkazib berish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, 2 gektar yerda 10 turdagi atirgul, oq, qizil va sariq rangli lola parvarishlash rejalashtirilgan bo‘lib, buning evaziga qator yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Abdulaziz YO‘LDOSHEV, “Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?