Idora va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi faollashtiriladi

12:37 26 Noyabr 2020 Jamiyat
147 0

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilingan tashrif yakunlariga koʻra, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun byudjetdan pul mablagʻlari ajratilishi belgilandi.

Byudjet mablagʻlarining qonuniy, maqsadli va toʻgʻri sarflanishi hamda bu borada shaffoflikni taʼminlash esa bu borada koʻzlangan natijalarga erishishning muhim omili sanaladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov va Hisob palatasi raisining oʻrinbosari Saidlaziz Saidkarimov ishtirokida Davlat byudjeti mablagʻlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari tomonidan noqonuniy sarflanishining oldini olish boʻyicha viloyatdagi oʻrganishlar yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligida oʻtkazilgan yigʻilish ham shu masalalarga bagʻishlandi.

Ochiq va tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyat prokurori Erkabay Tadjiyev kun tartibidagi masala yuzasidan murojaatnoma yoʻlladi.

Shuningdek, E.Tadjiyev ezgu maqsadlarga yoʻnaltirilayotgan ushbu pul mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi uchun har bir masʼul shaxs ham xalqimiz, ham vijdoni oldida javobgar ekanini, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan byudjet mablagʻlarining talon-toroj etilishini va bu borada korrupsion holatlarni oldini-olish maqsadida viloyat prokuraturasida “Vaziyatni tizimli monitoring qilish” guruhi tashkil etilib, monitoring guruhi tomonidan byudjet muassasalari rahbarlari qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan taqdirda jinoiy javobgarlikkacha choralar koʻrilishi haqida rasman ogohlantirilganini maʼlum qildi.

Yana taʼkidlandiki, monitoring guruhi tomonidan kelgusida:

- byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishiga masʼul va javobgar idoralar faoliyatidagi qonuniylik ahvolini kunlik tahlil qilinadi;

-idora va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi faollashtiriladi;

-statistik maʼlumotlar va tahliliy axborotlar oʻrganilib, bu boradagi faoliyat muvofiqlashtiriladi;

-korrupsiya va byudjet mablagʻlarining talon-toroj etilishiga doir murojaatlarni qabul qilish uchun maxsus «telegramm bot» tashkil qilinadi;

-prokuratura organlarining korrupsiyaga qarshi kurashda amalga oshirayotgan ishlari, aniqlanayotgan qonunbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ommaviy axborot vositalari va internet-saytlar orqali yoritib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?