Ichki ishlar organlariga yana bir vakolat berilmoqda

00:18 09 Avgust 2022 Jamiyat
384 0

Soʻnggi yillarda haydovchilarni tayyorlash tizimidagi mavjud kamchiliklar, haydovchilarning bilim saviyasi yetarli emasligi yoʻllarda turli qoidabuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda. Achinarlisi, buning oqibatida oʻlim bilan tugayotgan yoʻl-transport hodisalari soni ortyapti.

Bu esa ushbu ayanchli holatlarni oldini olish maqsadida haydovchilarni tayyorlash tizimini va subyektlarining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda taʼkidlandi.

Yigʻilishda deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yoʻl harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

Qayd etilganidek, amaldagi tartibga koʻra, haydovchilik huquqini beruvchi guvohnomani olishga oʻqitish tadbirkorlik subyektlariga berilgan boʻlib, ularga tegishli litsenziyalar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilishi belgilangan.

Ammo yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga yuklatilgan boʻlib, natijada bunday tartib turli nomuvofiqliklarni keltirib chiqarmoqda. Yaʼni litsenziya beruvchi va uni ijrosini nazorat qiluvchi organlar boshqa-boshqa organlar boʻlmoqda. Bu esa haydovchilar tayyorlash tizimini yaxlit holda nazorat qilishga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash maqsadida endilikda haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim subyektlari va imtihon markazlariga bu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaning Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilishi belgilanmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim subyektlariga litsenziya berish va ularni faoliyatini nazorat qilish yagona davlat organi — ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari vakolatiga oʻtkazish orqali taʼlim sifatini oshirilishiga hamda yoʻllarda harakatlanish xafsizligini taʼminlanishiga erishiladi.

Qizgʻin baxs-munozaralardan soʻng, mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?