Ichimlik suvi tarmoqlarida taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotganda suv transportda yetkazib beriladi

12:58 23 Iyul 2022 Jamiyat
652 0

“Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–784-son, 22.07.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga koʻra, isteʼmolchilarning sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlanishi kafolatlanadi.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Har qanday tashkilotlar ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti sifatida faoliyatni amalga oshirishi mumkin.

Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari isteʼmolchining hayotiga, sogʻligʻiga hamda mol-mulkiga moddiy va maʼnaviy zarar yetkazganlik uchun javobgar boʻladi.

Isteʼmolchilar ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlarning uzluksiz va xavfsiz koʻrsatilishini, shuningdek oʻz hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga xavf tugʻdirmaydigan sifatga va miqdorga ega boʻlgan ichimlik suvi berilishini shartnoma shartlariga muvofiq talab qilish huquqiga ega.

Ichimlik suvi inshootlari suv taʼminoti darajasi boʻyicha quyidagi toifalarga boʻlinadi:

— І toifa – xizmat koʻrsatiladigan aholi soni 50 mingdan ortiq;

— ІІ toifa – xizmat koʻrsatiladigan aholi soni 5 mingdan 50 minggacha;

— ІІІ toifa – xizmat koʻrsatiladigan aholi soni 5 minggacha.

Ichimlik suvi epidemiologik, radiatsiyaviy va kimyoviy jihatdan xavfsiz boʻlishi kerak.

Ichimlik suvi sifatining tahlili ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining laboratoriyalarida amalga oshiriladi.

Ichimlik suvi quyidagi hollarda transportda yetkazib beriladi:

— ichimlik suvi taʼminoti tashkilotining tarmoqlari mavjud boʻlmagan hududlarga;

— ichimlik suvi quvurlaridagi va ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlarining boshqa inshootlaridagi avariyalar chogʻida;

— ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilayotganda;

— favqulodda vaziyatlarda.

Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlovlar xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi va OAVda eʼlon qilingandan keyin 15 kundan soʻng kuchga kiradi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?