Ichida 585 nafar harbiy boʻlgan Afgʻonistonning 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyotlari Termiz aeroportiga majburiy qoʻndirilgan

20:36 16 Avgust 2021 Jamiyat
2155 0

2021-yil 14-15-avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasining havo hududi chegarasidan noqonuniy oʻtgan, ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar boʻlgan, Afgʻoniston Islom Respublikasining 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyotlari majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qoʻndirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rasmiy bayonoitda maʼlum qilindi.

Xabar berilishicha, joriy yil 15-avgust kuni Qarshi shahridagi “Xonobod” aeroportiga qoʻnish uchun ruxsat soʻragan Afgʻoniston Islom Respublikasining 3 ta “EMBRAYER-314” rusumli harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qoʻnish toʻgʻrisida ogohlantirilib, ular Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta “MIG-29” rusumli harbiy samolyotlari kuzatuviga olingan.

Lekin kuzatuv davomida “EMBRAYER-314” va “MIG-29” rusumli samolyotlar toʻqnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan.

Shu kuni 158 nafar afgʻon fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilari daryo orqali Termiz tumani hududiga Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtishgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?