I Xalqaro media va turizm forumida Markaziy Osiyoda ekoturizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

14:16 27 Iyul 2023 Siyosat
305 0

Qozogʻistonning Olmaota viloyati Konayev shahrida 21–23-iyul kunlari boʻlib oʻtgan I Xalqaro media va turizm forumida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi vakillari ishtirok etdi.

“Turkiyzabon jurnalistlar jamgʻarmasi” jamoat fondi tomonidan Olmaota viloyati hokimligi, Qozogʻiston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi, Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qozogʻiston, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Moldova, Turkiya, Shimoliy Kipr, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston kabi xorijiy davlatlardan 200 ga yaqin ommaviy axborot vositalari va turizm vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Ekologiya vazirligi tomonidan vazirning axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva “Markaziy Osiyoda ekoturizmni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida taqdimot qildi. Unda hududda ekoturizmni rivojlantirishning afzalliklari, kamchiliklari koʻrsatib oʻtildi va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, forum doirasida tadbir ishtirokchilari Qozogʻistonning Charin kanyoni va Koʻlsay koʻli kabi diqqatga sazovor joylari va tabiiy maskanlarida boʻlishdi.

Maʻlumot uchun, forumni oʻtkazishdan maqsad – media va turizm sohasidagi yangi jarayonlarni hisobga olgan holda tajriba almashish, axborot makonini kengaytirish, oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, Qozogʻistonning tarixiy-madaniy maskanlarini xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida targʻib qilish, OAV vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер