Hujjatlarning qabul qilinishi boʻyicha deputatlar pozitsiyasi qanday?

19:10 14 Noyabr 2022 Siyosat
348 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitimni (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari obdon muhokama qilindi.

Xoʻsh, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi boʻyicha deputatlar pozitsiyasi qanday?

Shohista Turgʻunova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yaqin qoʻshni mamlakatlar sifatida, koʻp yillik yagona tarix, oʻxshash madaniyat, mushtarak til va maʼnaviy qadriyatlar uygʻunligi kabi aloqador jihatlari bilan bir-biriga chambarchas bogʻlangan.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etish mumkin.

Bu oʻz navbatida, avvalo ikki xalq manfaatlarini taʼminlashga, oʻzaro munosabatlarni yanada yaxshilashga, aholi turmush darajasini yaxshilanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Ikki millat oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik va doʻstona munosabat tiklanmoqda.

Xususan, oxirgi yillarda Respublikamiz oliygohlarida tahsil olayotgan qirgʻiz yoshlari safi 14 baravar oshgan boʻlsa, Qirgʻiziston universitetlaridagi oʻzbek talaba yoshlari soni 7 baravarga koʻpaydi. Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari turkiy xalqlar hisoblanib, yaqin qoʻshnichilik va doʻstona munosabatda boʻlishgan. Bu ikki xalq oʻrtasida kelishib boʻlmaydigan masalaning oʻzi boʻlmasligi kerak deb, hisoblaymiz.

Mana bugun ham ikki davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi yana bir tarixiy hujjatni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qilish arafasidamiz. 

Albatta, deputatlik korpusi ham saylov okruglarimizdagi faoliyatimiz davomida mazkur bitimda koʻzda tutilgan qoidalar ijrosini hukumat tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatamiz.

Mazkur hujjatlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi davlat chegarasi boʻyicha koʻplab masalalar yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga va chegara hududi barqarorligiga ishonchni uygʻotadigan ikki tomonlama aloqalarni, birinchi navbatda, chegara hududlarida kengaytirish va chuqurlashtirishga kuchli turtki berishga xizmat qiladi.

Xususan, mamlakatlarimizda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, qurilish, ekologiya, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi ulkan salohiyatdan foydalanish imkonini beradi.

Mazkur qonun loyihalarining qabul qilinishi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman va qonun loyihasini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.

Shuhrat Polvonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Oʻzbekiston Qirgʻizistonni oʻzining strategik hamkori deb biladi, u bilan ikki mamlakat halqlari manfaati yoʻlida hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish va kengaytirishga qatʼiy qaror qiladi.

Buning tasdigʻi sifatida, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston mamlakatlar oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma (1996-yil 24-dekabr) va strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya (2017-yil 6-oktyabr), BMT Nizomining maqsadlari va tamoyillariga sodiqlik asosida koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligiga 2023-yilda oʻttiz yil boʻladi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari Oʻzbekiston – Qirgʻiziston hamkorligini yanada rivojlantirish borasidagi tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Hozirgi kunda ikki mamlakat qonunchilik bazasi 200 dan ortiq hujjatlardan iborat boʻlib, ulardan Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma va Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida strategik sheriklik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlash toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolangani muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz orasidagi chegara masalalarini toʻliq hal etilayotganligi eng katta yutugʻimiz hisoblanadi.
Albatta, bu kelishuvga erishish oson va oʻz oʻzidan boʻlgani yoʻq. Bunga ikki davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari hamda maxsus komissiyaning mashaqqatli mehnati natijasida erishilgan.
Biz maxsus komissiyaning olib borgan ishlaridan nafaqat xabardor boʻldik, balki parlament vakillari ham maxsus komissiya faoliyatida bevosita ishtirok etdi. 

Koʻrilayotgan qonun loyihalari qabul qilinishi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston qardosh xalqlari va kelajak avlodlari uchun chegara hududlarida tinch va barqaror hamkorlik qilish uchun yanada qulay shart-sharoit va mustahkam huquqiy asosni yaratadi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilindi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi oʻz ishini yakunladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?