Huquqiy axborotni tarqatish jarayoni qaysi bosqichda?

14:39 13 Yanvar 2022 Jamiyat
167 0

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilganligining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar doirasida poytaxtimizda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan “Huquqiy axborot tarqatish zamonaviy bosqichda” nomli davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda adliya, prokuratura organlari, sud vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Adliya vazirligi tashkil etilganligining 30 yilligida amalga oshirilgan ishlar, huquqiy axborotni tarqatishning kechagi va bugungi kundagi holati, huquqiy axborotni keng jamoatchilikka sodda va qiziqarli yetkazilishida sud-huquq idoralari va jurnalistlarning hamkorligi zarurati muhokama qilindi.

Tadbirni “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev kirish soʻzi ochib, ishtirokchilarni bayram bilan qutladi hamda huquqiy axborotni tarqatishning zamonaviy bosqichdagi ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

— Bugun huquqiy axborotni tarqatishda zerikarli maʼruzaxonliklar yoʻq, — deydi Furqat Tojiyev. — Manzilli targʻibot bor. Targʻibot materiallari ham aholi ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlanmoqda. Masalan, markazimiz tomonidan chop etilgan ayollar huquqlariga oid qoʻllanmani olaylik. Bu qoʻllanmada ayollar bilishi zarur boʻlgan barcha huquqlari jamlangan. Shu bilan birga huquqiy axborotni tarqatishda katta maʼruza matnlaridan voz kechilgan. Zamonaviy usullar qoʻllanilmoqda. Huquqiy targʻibotda fuqarolar osonroq tushunishlari uchun interaktiv usullardan — viktorinalar, test va boshqa usullardan keng foydalanilmoqda. Bu boradagi ishlar yanada takomillashtiriladi.

Shuningdek, tadbirda Markaz tomonidan huquqiy axborot tarqatishda alohida ahamiyat kasb etuvchi maxsus doirada qoʻllanmalar tayyorlanib chop etilayotganligi, jumladan, fuqarolarga oʻta muhim boʻlgan hayotiy masalalarga oid qoʻllanma bepul tarqatilganligi maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, tadbirda sudlarning aholini huquqiy axborot bilan taʼminlash borasida vazifalari, qonun hujjatlarini bevosita ijrochilar tomonidan keng ommaga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazishda sudyalarning asosiy vazifalari, “OAV va huquqiy axborot” kabi mavzularda fikr-mulohazalar bildirildi. Sud jarayonining oʻzi ham fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirishda ahamiyati katta ekanligini, suddagi har bir holat hayotiy misol orqali huquqni anglashlariga va ogoh boʻlishlariga yordam berishi taʼkidlab oʻtildi.

— Notoʻgʻri yoki oʻz kuchini yoʻqotgan huquqiy axborotdan foydalanish salbiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi dotsenti Nasimbek Azizov. — Bu borada huquqiy axborotlardan real vaqt rejimida oʻz vaqtida tanishish imkoniyatini beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi (lex.uz) prokuratura organlari xodimlarining kundalik tashrif buyuruvchi asosiy manba hisoblanadi.

Bosh prokuratura Akademiyasi ham malaka oshirish, kasbiy qayta tayyorlash, magistratura kurslarida qonunchilikdagi yangiliklar toʻgʻrisida va tegishli sohaga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda nimalarga eʼtibor qaratish haqida tinglovchilarda zarur koʻnikmalarni shakllantirib kelmoqda. Mavjud istalgan sohani (masalan, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va hakozo.) huquqiy tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini prokuratura xodimlari ish jarayonida doimiy oʻrganishi talab etiladi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan prokuratura organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida qonun ijodkorligi faoliyatida hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish ishida ishtirok etish nazarda tutilgani aytib oʻtildi.

— Bugungi kunda aholiga megamaʼlumotlar emas, balki haqqoniy axborotlar zarur, — deydi Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudi sudyasi Omon Sattorov. — Jurnalistlar sudga oid materiallarni yoritishda shoshmasliklari kerak, doimo aybsizlik prezumsiyasiga amal qilishlari, axborot tarqatishda xolis boʻlishlari va sud qarori kuchga kirgandan keyingina holatni yoritishlari kerak.

Davra suhbati yakunida OʻzJOKU professori Yoqutxon Mamatova tomonidan “Huquqiy axborot qanday tarqatilsa zerikarli boʻlmaydi?” mavzusida maʼruzasi tinglandi.

Yakunda ishtirokchilar tomonidan takliflar bildirildi. Jumladan, huquqiy telekanal tashkil qilish, jurnalistika universitetlarida alohida huquqiy jurnalistika fakultetlarini ochishga oid, jurnalistlar uchun mahorat darslari tashkil qilish va boshqa bir qator takliflar aytildi.

Davra suhbati qiziqarli bahs-munozaralarga boy boʻldi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?