Huquqbuzarlarga qarshi kurashuvchilar sotqin boʻlsa – mendirman oʻsha. Adliya vazirligi mutasaddisi Kusherboyev fikrlariga qarshi fikr bildirdi

12:26 16 Mart 2021 Jamiyat
6385 0

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev yoʻllardagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarni “xoin”, “vatanni ham sotadi” deb taʼrifladi.

“Tadbirkorlarning radar qoʻyishi haqida gapiradigan boʻlsam, omadini bersin, qoʻyaverishsin. Men ham deputat sifatida ha bu tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, u yoq, bu yoq, deb fikrlarga qoʻshilishim mumkin. Lekin oddiy fuqaro, haydovchi sifatida aytadigan boʻlsam, bu odamlarning psixologiyasiga juda yomon taʼsir qilyapti. Biz yetarli infrastruktura yaratmay turib hamma joyga radar qoʻydik, yana telefonda suratga olib, joʻnatib yuborsa pul beradi deb… Qoʻpol qilib aytganda “kozyol”lar jamiyatiga oʻxshab ketyapti”, — degan edi deputat.

Bu fikr ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ayrim fuqarolar deputat fikriga qoʻshilsa, ayrimlar keskin qarshi chiqmoqda. Adliya vazirligining Huquqiy targʻibot va maʼrifat boshqarmasi boshligʻi Shoxidaxon Yuldasheva mazkur holat boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

“Barcha qonunlar jamiyatdagi hammaga ham yoqavermaydi, kimdir baribir qaysidir sohadagi qonun-tartiblardan rozi boʻlmaydi, talabini ortiqcha deb hisoblaydi, boʻysunishga istamaydi, erinadi, bahona topadi, qoralaydi-oqlaydi. Chunki shu qonunlar uning manfaatiga, yashash tarziga, odatlariga, kayfiyatiga toʻgʻri kelmasligi mumkin.

Lekin har bir inson oʻzi tanlab, oʻzi istagan qonun va tartibiga rioya etib, qolganlarini eʼtiborga olmasa, bizni jamiyat sifatida qanday oqibatlar kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas: tez va soʻzsiz inqirozga uchraymiz. Shuning uchun ham, qonun barcha uchun barobar, hamma qonun oldida teng degan ulugʻ gʻoyalar asosida jamiyatlar rivojlangan.

Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlash borasida hali talay ishlar qilinishi, koʻp masalalar yechilishi kerak. Bu muammolar hammamizni qiynaydi, chunki mazkur holat rivojlanishimizga jiddiy toʻsiqligini barcha tushunadi.

Qonun ustuvorligi kerak, ammo uni taʼminlash faqat davlatning ishimi?

Faqat davlat qonun qoʻriqchisi, tartiblarning taʼminlovchisi boʻlishi, birinchidan, kutilgan natija uchun yetarli boʻlmaydi, ikkinchidan, koʻp resurs talab qiladi, uchinchidan, fuqarolik jamiyati rivojlanishiga ragʻbat uygʻotmaydi. Bironta davlat jamiyatning koʻmagisiz va hamkorligisiz, yaʼni jamoatchilik nazoratisiz qonun ustuvorligiga erisholmaydi, hatto bu yoʻnalishda harakat qila olmaydi. Qanchalik katta davlat xizmatchilari armiyasi yoki huquqni muhofaza qiladigan tizim yaratilishidan qatʼi nazar, faqat shuning oʻzi bilan qonun ustuvorligiga erishishning iloji yoʻq.

Bu oddiy haqiqat fuqarolarimiz tomonidan toʻgʻri tushunib, qoʻllab-quvvatlab kelinayotgandi, ayniqsa, ekologiyaga zarar, korrupsiya, litsenziyasiz faoliyat yuritayotganlar yuzasidan xabar berganlarni ragʻbatlantirish tashabbuslari olqishlanayotgan edi.

Masalan, Davlat ekologiya qoʻmitasining internet tarmogʻidagi maxsus axborot tizimiga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi yozuvlarni yuborgan shaxslar jarima miqdorining oʻn besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Xuddi shunday, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar bir martalik pul mukofoti (BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha) bilan ragʻbatlantiriladi.

Shuningdek, shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

Lekin yoʻl harakati xavfsizligi sohasiga xuddi shu mexanizmlarni tatbiq qilishga kelganda, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar qutblanishi, muhokamalar paydo boʻlib, aholining maʼlum qatlami, ayniqsa, haydovchilar tomonidan koʻp eʼtiroz bildirila boshlandi.

Eng achinarlisi, qonun ustuvorligining ramzlaridan boʻlgan, qonunlarni qabul qiluvchi oliy organ vakilining bu mavzudagi fikrlari jamiyatimizga umuman kutilmagan teskari signal yubordi. (Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev yoʻllardagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarni “xoin”, “vatanni ham sotadi” deb taʼrifladi)

Bunday yondashuv, yumshoq qilib aytganda, kutilmagan edi. Qonunlarni buzganlarning aybini yashirish kerakmi? Nega boshqa sohalarda normal qabul qilingan gʻoya yoʻl harakatida ishlatilmasligi kerak? Yoki bu sohada muammo yoʻqmi, axir, gap insonlarning hayoti, xavfsizligi, salomatligi bilan bogʻliq-ku. Oʻzbekistonda bu soha shunchalik tartiblimiki, biz avval unday qilinsin, keyin... deb shart qoʻyib oʻtirsak? Aslida zudlik bilan choralar koʻrish kerak!

Oxirgi 5 yil ichida Oʻzbekiston hududida yoʻl-transport hodisalari oqibatida 10 000 dan ortiq inson halok boʻlgan, tan jarohati olib majruh boʻlganlar soni ikki barobar koʻp. Bu raqam qanchalik qoʻrqinchli: kimningdir farzandi, jigari, otasi yo onasi, sevgan insoni... bevaqt hayotdan koʻz yumyapti, majruh boʻlyapti, bir soniyada umrlar barbod boʻlib, oilalar, fuqarolarning taqdirlari oʻzgarib ketmoqda.

Yangi tizimga qarshi huquqbuzarlar mana shu tinch davrdagi oldi olinishi mumkin boʻlgan qurbonlar uchun vijdoni qarshisida nima deb javob berishini oʻylayaptimi? Ertaga oʻz yaqini shu qurbonlar qatorida boʻlsa, albatta fikri oʻzgaradi, chunki har kim oʻz tanida his etgan ogʻriqdan kelib chiqib xulosa qiladi.

Yana bir narsani bilish kerakki, yoʻl harakati ishtirokchilari yoki xalqimiz faqat haydovchilardan iborat emas.

Qonunni buzgan haydovchilarning bu tarzda yonini olish obyektiv qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarni ochiqdan-ochiq javobgarlikdan qochirishga boʻlgan chaqiriq sifatida qabul qilinishi baho berilishi kerak. Davlat yaratgan qonunlardan foydalanib, huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar berganlar, yaʼni hech bir qonun buzmasdan harakat qilsa-yu – xalq vakilining oʻzi tomonidan “sotqin” deb haqoratlansa, ular nima deb xulosa qilishi kerak.

Oʻzi bitta holat meni juda qiynab kelayotgandi: qachondan beri Vatan deganda biz qonunbuzuvchilarni tushunadigan darajaga yetib keldik? Qoidalarga rioya qilmaydiganlarning manfaatlari vatanga tenglashtirib ifoda etilishi kerakmi? Bu “mantiq” qayerdan chiqdi? Oʻz manfaatini ilgari surish uchun ulugʻvor Vatan gʻoyalarini aralashtirish shartmi?

Aslida, huquqbuzarlarga nisbatan “sotqinlik” jamiyatga va Vatanga sadoqat deb qaralishi kerak. Shu axloqdan boʻladi!

Qoida buzmaslik masʼuliyatini har bir haydovchi ich-ichidan his qilishi kerak, lekin bir yilda millionlab huquqbuzarliklar sodir boʻlmoqda, masʼuliyat chekinmoqda, kamchilikni yashirish olqishlanmoqda. Demak, qonun buzilishlarga qarshi kurash usullari koʻp boʻlishi kerak – minglab, millionlab. Ushbu kurashga barcha kuch va vositalarni safarbar qilish lozim: pul berib, ilhomlantirib, ragʻbatlantirib, imtiyoz berib – har qanday usul biz uchun foydali.

Jarima toʻlashni istamasangiz – qoida buzmang, xulosa qiling, rejalashtiring. Qoidani buzdingizmi – mard boʻlib, jazo muqarrarligiga qarshi chiqmang.

Qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni ragʻbatlantirish amaliyoti bugun biz oʻylab topgan yangilik emas, u butun dunyoda juda samarali qoʻllanib kelinmoqda, yaʼni vaqt va turli davlatlar tajribasidan oʻtgan.

Buyuk Britaniyada “crimestoppers” tashkiloti tomonidan huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni 50 funtdan 1000 funtgacha ragʻbatlantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Avstraliyada ham huquqbuzarlik haqida xabar berganlar ragʻbatlantiriladi.

Yaponiyada “Anonymous Report Dial” tizimi ishga tushirilgan, tizim orqali huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga qilmishdan kelib chiqib mukofot puli beriladi.

Kimlarningdir kayfiyatini koʻtarish uchun maʼlum toifaga yoqadigan fikrlarni aytish juda oson, albatta. Ayniqsa, bugungi ochiqlik sharoitida bu avj olmoqda. Bir-birimizga yoqadigan gaplarni aytib yurishda davom etaverishimiz mumkin. Lekin, bunda har bir qadam bizni qonun ustuvorligidan yana-da uzoqlashtiraveradi.

Xulosam shu: huquqbuzarlikning oldini oluvchilarga “sotqin” deya tamgʻa bosiladigan boʻlsa, men ularga qarshi “sotqin” boʻlishga tayyorman va bundan gʻururlanaman”, deya yozmoqda vazirlik mutasaddisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?