Huquq va burch

20:25 21 Fevral 2025 Jamiyat
356 0

Nega ular hujjatsiz yashashga mahkum?

Birinchi sentyabrda millionlab bolalar maktabga boradi. Ammo maktabga qabul qilinmaydiganlar haqida nima deyish mumkin? Ular jismonan mavjud bolalar, ammo tugʻilish dalilini tasdiqlovchi hujjatlari yoʻq. Bu ota-onalarning masʼuliyatsizligimi yoki amaldorlarning befarqligi?
 

— Bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi — bu davlat bilan huquqiy munosabatlarga kirishga imkon beradigan “kalit”. Shu hujjat orqali bola teng huquqli fuqaro maqomini oladi, — deydi Andijon shahar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish byurosi rahbari Gʻofirjon Salomov. — Bu “kalit” boʻlmasa, bolalar “koʻrinmas odam”larga aylanadi. Ularning mavjudligini hech kim bilmaydi. 2024-yilda Andijon shahrida xuddi shunday yashovchi 168 nafar kishiga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani topshirdik. Bular dunyoga kelganida roʻyxatga olish choralari koʻrilmagan. Bu ularning shu paytgacha rasman mavjud emasligini anglatadi.
 

Savol tugʻiladi: nega bu yurtdoshlarimiz tugʻilganligi oʻz vaqtida qayd etilmagan? Yurtimizda ushbu hujjatlarsiz yana qancha kishi yashaydi? Hokimiyat nuqtai nazaridan va qonunga koʻra, ular shunchaki mavjud emas. Tushunyapsizmi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz bolalar bogʻchasiga yoki maktabga borolmaydi. Ular tibbiy yordam va boshqa muhim xizmatlardan mahrum. Keyinchalik ishga joylashib, ijtimoiy nafaqa olmaydi. Ular ekspluatatsiya va zoʻravonlik qurboniga aylanish xavfi yuqoriligini nazarda tutsak, muammo koʻlami yanada chigallashadi.

Bolani yashirishga sabab nima?

Aslida farzandingizning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini olish uchun hujjatlarni yigʻish koʻp vaqt talab qilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2013-yil 31-dekabrdagi 400-mh-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 59-bandiga koʻra, oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning hujjatini qayd etish uchun FHDYO organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan bir qancha hujjatlar taqdim etish kerak. Bular — ariza, bolaning tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma yoki tugʻuruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tugʻilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma, sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, taʼlim olayotgani toʻgʻrisida maʼlumotnoma, tegishli FHDYO arxividan ushbu bolaga nisbatan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmagani toʻgʻrisida maʼlumotnomalar. Biroq, chaqaloqning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning yetishmasligi kelajakda ota-onalarning ambitsiyalari yoki masʼuliyatsizligi tufayli bolalarning hayotini jiddiy ravishda murakkablashtiradi. Koʻpincha kam taʼminlangan oilalar yoki uzoq togʻli va qishloq joylardagi bolalar roʻyxatdan oʻtmagan boʻlib chiqadi. Qonunimiz “uy sharoitida tugʻish”ni taqiqlamaydi. Tibbiy tashkilotdan tashqarida tugʻilgandan qatʼi nazar — ota-onasining qarorimi bu yoki boshqa sababmi, qay holatda boʻlmasin, goʻdakning tugʻilganligini tegishli idoralarda qayd ettirish muhim-ku! Biz bunga aqli yetmaydigan darajadagi huquqiy bilimimiz past, ongsiz mavjudot emasmiz-ku! Deylik, bunga ota-onalarning befarqligi, eʼtiborsizligi yoki masʼuliyatsizligi sabab boʻlgan taqdirda ham mahallaga biriktirilgan hamshiralar nega bunday holatga befarq? Taqdir taqozosi bilan goʻdak uydami, mehmonxonadami yoki safarda tugʻildi deylik, bu haqida tegishli idoralarga xabar berish birinchi galda ularning vazifasi emasmi? Koʻz oʻngida voyaga yetayotgan oʻgʻil yoki qizga huquqiy imkoniyatlari cheklanganligini eslatish bilan kifoyalangan mahalla faollari muammoning ijobiy yechimini taʼminlashini oʻz vakolatlari doirasidagi vazifa, deb qabul qilishlari kerakmasmi? Axir, insonni fuqaro sifatida qayd etmaslik davlatga ham bir qancha muammolar tugʻdiradi. Oʻz navbatida, ota-onalar ham farzandini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishdan foyda olish uchun qonuniy huquqdan mahrum qilmasliklari kerak.
 

“Tugʻilganimni isbotlolmay yashadim”

— Tugʻilganimda rasman hech joyda roʻyxatga olinmaganman, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Toʻlanboy Obloqulov. — Ota-onam uydan uzoqqa ketishimga ruxsat berishmasdi. Chunki tugʻilganimni tasdiqlovchi guvohnomam yoʻq edi. Bogʻchaga borolmadim. Hujjatlarim boʻlmagani uchun maktabga ham chiqmadim. Keyinchalik guvohnomasiz bankda hisob ochish, pasport olish, ovoz berish yoki hatto ishga joylashishga ham muammolarga duch kelaverdim. Uylanib farzandli boʻlganimdan keyin bu muammo oilam uchun ham tashvish tugʻdirdi. Kam taʼminlanganlar toifasiga mansub boʻlganim bilan mahalladan yordam soʻrolmadim. Noiloj fuqarolik holatimni tiklash boʻyicha tegishli idoralarga murojaat qildim. Endi menda ushbu shaxsiy guvohnoma bor. Oʻzbekiston fuqarosi ekanimni faxr bilan ayta olaman. Hamma qatori teng huquqliman, barcha fuqarolar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan toʻliq foydalana olaman.

“Bu mening oʻgʻlim yoki qizim”

Bir paytlar dunyoga kelganini isbotlolmay yashagan Toʻlanboyga oʻxshagan yurtdoshlarimizning huquqlari tiklangani quvonarli, albatta. Ayni paytda bunday holatlarga yoʻl qoʻyilmaslik, ularni zudlik bilan hal qilish zarurligini anglashimiz kerak. Agar tugʻilish tibbiy tashkilotdan tashqarida boʻlganda ham tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berishdan bosh tortmaslik yoki uni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratish muhim. Chunki tugʻilgan bola shaxsini tasdiqlovchi hujjatga muhtoj boʻladi. Faqat tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomagina bolaning tugʻilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlaydi. Unga “bu mening oʻgʻlim yoki qizim“ degan soʻzlar yetarli emas. Bolaning huquqlari oʻzaro bogʻliq va boʻlinmasdir. Bu yerda, albatta, ularni buzgan shaxslar javobgar boʻlishi kerak. Shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilishda masʼul davlat organlari — sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, huquqni muhofaza qilish va sud organlari, bolalar manfaatlarini koʻzlab ishlaydigan nodavlat tashkilotlar ham jonbozlik koʻrsatsa maqsadga muvofiq boʻlardi.

Adiba UMIROVA,

Saminjon HUSANOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?