Hunarmand temuriylar davridagi cholgʻular haqida qoʻllanma yozdi

16:04 09 Sentyabr 2022 Jamiyat
384 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda shunday hunarmandlar borki, ular daromaddan koʻra xalqqa foydasi tegishini koʻproq oʻylaydilar. Ana shulardan biri boʻlmish andijonlik Abdumalik Madrayimov oʻzbek milliy cholgʻu asboblarini yasash bilan shugʻullanadi. Uning oilaviy ustaxonasida ortda qolgan yillar davomida 11 ta Oʻrta asrga tegishli musiqa asboblari qayta tiklangan. U yaratgan sozlar nafaqat, respublikamizda, balki, xorijda ham musiqa sanʼatini rivojlantirishda qoʻllanib kelinmoqda. 50 yildan buyon musiqa tarixi bilan mashgʻul hunarmand bugun oʻzining yangi kitobini chop ettirdi. “Amir Temur va temuriylar davridagi cholgʻular” nomli ushbu toʻplamda temuriylar davridagi sozlar haqida yetarli maʼlumotlar va ularga olimlar tomonidan berilgan izohlar oʻrin olgan.

— Bu toʻplamni yaratish uchun minglab tarixiy kitoblarni oʻqib chiqishga, miniatyura sanʼatini tahlil qilishga toʻgʻri keldi, — deydi Abdumalik Madrayimov. — Tarixiy manbalarda maʼlum boʻlishicha, temuriylar davrida musiqaga nihoyatda katta eʼtibor qaratilgan. U sanʼat darajasida rivojlangan. Har bir sozning ovozi, ohangi bir-birini takrorlamas darajada mukammal boʻlgan. Afsuski, buni kitobdagi yozuvlar orqali tinglab boʻlmaydi. Shu bois kelgusida tinglovchiga oʻsha ovozlarni yetkazib bera oladigan sozlarni yaratishni niyat qildim.

Tan olish kerak, bugungi kunda musiqa maktablari va kollejlarda temuriylar davri musiqa sanʼati haqida maʼlumot beruvchi qoʻllanmalar mavjud emas. Shu bois ham hunarmandning ushbu toʻplami boʻlajak musiqasozlarni yangi mashgʻulot davrasiga jalb etishi, shubhasiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?