Hududlarda yoʻlovchi tashish transporti tizimi yoʻlga qoʻyilganlik holati qanday?

15:15 17 Noyabr 2022 Jamiyat
274 0

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi hamkorligida “Hududlarda yoʻlovchi tashish transporti tizimi yoʻlga qoʻyilganlik holati va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda quyi palata deputatlari, Transport vazirligi mutasaddilari, vazirlikning hududiy boshqarmalari, “Uzbekistan Airways” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, «Toshshahartransxizmat» AJ rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yoʻlovchi tashish transporti tizimini rivojlanish sohasida Transport vazirligi tomonidan qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, avtomobil transportida yoʻlovchi tashuvchi 3502 ta tadbirkorlik subyektlari va 32976 ta jismoniy shaxslar tomonidan jami 110808 ta avtotransport vositalarida yoʻlovchi tashish xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

Hozirgi kunda respublika boʻyicha aholining oʻrtacha 22 foizi, (Toshkent shahrida 33 foiz) jamoat transportidan foydalanyapti. Jumladan, respublikada yoʻlga qoʻyilgan 3447 ta yoʻnalishlarning 1172 tasida avtobus, 305 tasida mikroavtobus, 1970 tasida esa “Damas” avtomobillari qatnovi amalga oshirilayotir.

Transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida 112 ta investitsiya loyiha doirasida 522,2 mln. AQSH dollar mablagʻ oʻzlashtirilmoqda. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari yakuni bilan hududlarda respublika boʻyicha 586 ta yangi avtobus va mikroavtobuslar xarid qilinib, yoʻlovchi tashish yoʻnalishlariga joylashtirildi.

Shu davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 15 ta, Buxoroda 2, Navoiyda 3, Namanganda 5, Samarqandda 5, Surxondaryoda 1, Sirdaryoda 4, Fargʻonada 4, Xorazmda 2, Toshkent viloyatida 12 ta va Toshkent shahrida ham 12 ta yangi ichki avtobus yoʻnalishlari tashkil etildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining Olot va Buxoro tumanlarida 2 ta yangi zamonaviy oxirgi toʻxtash bekatlari qurilib, yoʻlovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan 2 ta avtostansiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Aholiga jamoat transporti xizmatlarini koʻrsatib kelayotgan tashuvchilarning tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida esa yanvar-sentyabr oylarida hududlarda norentabel boʻlgan shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo avtobus yoʻnalishlarida koʻrgan zararlari oʻrnini qoplash uchun mahalliy byudjet mablagʻlaridan 4 610,0 mln, shahar yoʻnalishlarida fuqarolarning ayrim toifalarini bepul tashilishi natijasida koʻrilgan zararlarni oʻrnini qoplash uchun 4 802,2 mln. soʻm subsidiyalar ajratildi.

Bugungi kunda “Avtomatlashtirilgan transport toʻlov tizimi operatori” MCHJ tomonidan dastlab viloyat markazlaridagi Guliston, Qarshi, Urganch, Nukus, Samarqand, Andijon shaharlaridagi avtobus va mikroavtobuslariga 686 ta validator va 44 ta mobil validatorlar oʻrnatilib, avtomatlashtirilgan toʻlov tizimiga oʻtkazilgan. Yil yakuniga qadar qolgan viloyat markazlaridagi avtobus va mikroavtobuslarga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

Seminarda joriy yil yakuniga qadar esa oʻz yechimini kutayotgan qator ishlar amalga oshirilishi, xususan, 85 dona oʻrta sigʻimli “SAZ LE-60» rusumli va 190 dona katta sigʻimli “MAN” rusumli avtobuslar xarid qilish, 17 ta yer usti jamoat transportining yangi yoʻnalishlarini joriy etish hamda 50 ta tirband chorrahalarning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish belgilanayotgani haqida ham maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ijrosi yuzasidan qoʻshni davlatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan turistik avtobuslar qatnovini joriy etish nazarda tutilgan. Bu borada joriy yilda qoʻshni davlatlar bilan muzokaralar olib borish, muzokaralarning ijobiy natijasiga koʻra, mamlakatimiz tomonidan bajariladigan choralar uchun tarmoq jadval ishlab chiqish maqsad qilingan.

Yil yakuniga qadar esa qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bogʻlaydigan jami 200 ta yangi avtobus yoʻnalishlarini tashkil etish belgilangan. Qolaversa, xalqaro avtobus yoʻnalishlarini qayta tiklash boʻyicha Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida «Samarqand — Irgeli» va «Yangiyoʻl — Irgeli» yangi muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishi ochish nazarda tutilgan. Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida «Yangiyer — Shahriston» yangi muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishini ochish rejalashtirilgan.

Tadbir davomida amalga oshirilgan ishlar eʼtirof etilib, mavjud kamchilik va muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi. Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan oʻrtaga tashlangan barcha savollarga mutasaddilardan atroflicha javoblar olindi.

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?