Hozir mukammal filmlar yaratishga havasimiz bor, lekin sifatlisi kam — Prezident kinoijodkorlar bilan muloqot qildi

19:28 20 Noyabr 2020 Jamiyat
276 0

Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga joriy yilgi Murojaatnomasida kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurish lozimligini taʼkidlagan edi.

Shu maqsadda sohaga katta mablagʻ yoʻnaltirildi. Xususan, “Oʻzbekfilm”dagi barcha pavilyonlar taʼmirlanib, yangi kartinalar suratga olish uchun sharoit yaxshilandi. Mazkur kinostudiya va hujjatli filmlar studiyasini zamonaviy texnikalar bilan jihozlash davom etmoqda.

Prezidentimiz shu yerda kino sanʼati faxriylari, rejissyorlar, soha mutacaddilari bilan suhbatlashdi.

- Kino juda murakkab, xalqimiz, jamiyatimiz uchun muhim soha, - dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda. - Ilgari “Oʻzbekfilm” studiyasi xaroba holga kelib qolgandi. Koʻp joylari, binolari ijaraga berib yuborilgandi. Mana, hammasi oʻz egasiga - kinochilarga qaytarildi.

Yetarli eʼtibor boʻlmagani sababli mamlakatimiz kino sanʼatida turgʻunlik paydo boʻlgan edi. Faqat yengil-yelpi, tijorat kartinalari yaratilib, soha rivoji dunyodan ortda qolib ketdi.

Keyingi paytlarda eʼtibor va ragʻbat berilgani bois kinoasarlar mazmuni oʻzgardi. Xususan, “Imom Termiziy”, “Islomxoʻja”, “Elparvar”, “Qoʻqon shamoli”, “101”, “Ibrat” kabi tarixiy filmlar ishlandi.

- Oxirgi yillarda yaratilgan kinolarimizning soni kam boʻlsayam, maʼnosi bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbek tomoshabini faqat chet el teleseriallari taʼsiriga tushib qolmasligi, aksincha, tariximiz, sanʼatimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilishi, shu ruhda tarbiya topishi kerakligi taʼkidlandi.

- Kino - tarbiyaning zamini. Bu ijodning maktabini ochishimiz kerak. Hozir mukammal filmlar yaratishga havasimiz bor, lekin sifatlisi kam. Yurtimiz tarixi haqida albatta film boʻlishi kerak. Bunga vaqt keldi, - dedi davlatimiz rahbari.

Eng sara oʻzbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Prezidentimiz milliy kino sanʼatimiz fidoyilarini eʼtirof etish maqsadida har bir hudud umumtaʼlim maktablariga Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova kabi el sevgan ijodkorlar nomini berishni taklif qildi.

Jahon kinosanoati yutuqlarini oʻrganish va tatbiq etish, ijodkorlar malakasini oshirib borish, xususan, yoshlarni Rossiya davlat kinematografiya institutida oʻqitish boʻyicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, bolalar uchun kinostudiya tashkil kilish gʻoyasi ham ilgari surildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?