Hokimlarning tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hisobotlari tinglanmoqda

19:48 24 Noyabr 2020 Siyosat
550 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Kun tartibiga ikkita masala – hududlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalar muhokamasi kiritilgan.

Maʼlumki, yil boshida har bir viloyat, tuman va shahar hokimi xalqqa murojaat qilib, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq rejalarini belgilab olgan edi. Ularni amalga oshirish maqsadida, bu yilgi murakkab sinovlarga qaramasdan, biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun yetarli resurslar ajratib, barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Yigʻilishda, avvalo, hokimlar va sektor rahbarlarining asosiy vazifasi va zimmasiga olgan majburiyati – yangi ish oʻrinlari yaratib, ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarish borasidagi ishlar natijadorligi koʻrib chiqilmoqda. 

Masalan, Sirdaryo viloyatida 10 oyda 12 mingta doimiy ish oʻrni tashkil etilgan. Natijada “temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning qariyb 90 foizi bandligi taʼminlangan.

Xuddi shunday, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Kitob tumani, Navoiy viloyatining Qiziltepa, Uchquduq, Navbahor tumanlari va Zarafshon shahrida koʻp ish oʻrni yaratilgani qayd etildi. Shu bilan birga, bu borada ahvol qoniqarsiz boʻlgan tumanlardagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.

- Har bir hududda tadbirkorlikni rivojlantirishning katta resurslari bor. Faqat uni ishga solish  kerak. Hudud rahbarlari har kuni bu haqda oʻylashi va izlanishi lozim, - dedi davlatimiz rahbari.

 

Mazkur yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 4 trillion soʻm ajratish belgilangan edi. Lekin yil davomida qoʻshimcha mablagʻlar ham yoʻnaltirildi, aholi va tadbirkorlarga jami 5,2 trillion soʻm imtiyozli kreditlar berildi.

Yigʻilishda ushbu mablagʻlarning samaradorligi tahlil qilindi. Misol uchun, Shovot tumanida 26 milliard soʻm oilaviy kredit ajratilib, bir yarim mingta ish joyi yaratilgan. Yaʼni, 1 milliard soʻm kreditga 56 ta yangi ish oʻrni toʻgʻri kelgan.

Bu koʻrsatkich Qoʻshrabotda 57 ta, Muzrabotda 49 tani tashkil etgan.

Bugungi kunda tadbirkorlarning qariyb 1 trillion soʻmlik yangi loyihalari uchun kreditlarga talabi borligi qayd etildi. Moliya vazirligiga yangi jalb etilgan yevroobligatsiya mablagʻlaridan 1 trillion soʻmni Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobankka oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun resurs sifatida joylashtirish vazifasi qoʻyildi.

Xalq bankiga xotin-qizlar tadbirkorligi uchun loyihalar tayyorlab, ularni oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni oʻrgatish topshirigʻi berildi. Bunda bank xodimlari ayollar bilan mijozbay, mahallabay, tumanbay bevosita ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan imtiyozlar natijasida 10 oyda 78 mingta korxona tashkil etilgan. Xususan, Xovos tumanidagi yangi kichik sanoat zonasida 7 ta loyiha natijasida 500 ta ish oʻrni yaratilgan. Umuman, tumanda jami 170 ta yangi korxona ochilgan.

Lekin Yozyovon, Uchtepa, Shofirkon va Bekobod tumanlarida faol tadbirkorlarni koʻpaytirish boʻyicha ishlar tanqid qilindi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga bunday joylarda tadbirkorlarga har tomonlama koʻmak berish boʻyicha “biznes-patronaj” tizimini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Pandemiya davrida vaqtincha ishlamay turgan 96 mingta korxona oʻz faoliyatini tiklagani qayd etilib, qolgan biznes subyektlariga ham bu borada koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.

Hududlarda tadbirkorlarni yer masalasi koʻp qiynayotgani, bu borada koʻplab murojaatlar boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

 

Yigʻilishda joylarda infratuzilmani yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Rivojlanishdan orqada qolayotgan 22 ta tuman uchun investitsiya dasturi doirasida 264 milliard soʻm, boshqa hududlar uchun qoʻshimcha 736 milliard soʻm yoʻnaltirilishi qayd etildi.

Ish oʻrinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi qoʻyildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha hokimlarning hisobotini mahalliy kengashlarda muhokama qilib, faoliyatiga baho berish, shuningdek, 2021-yil uchun aniq rejalarni belgilash muhimligi taʼkidlandi.

 

 

 
 
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?