Hokimlardan 238 ta javob xati olib, Oʻzbekiston boʻylab minglab kilometr masofani yayov bosib oʻtgan keksa jurnalist va uning turmush oʻrtogʻi qanday taassurotlar ogʻushida?

12:44 09 Dekabr 2021 Jamiyat
412 0

Foto: "Xalq so'zi"

Buxoro viloyati Peshku tumani “Sadir” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Yangiturmush qishlogʻida yashovchi Muhammad Qudratov 72 yoshda. Kasbi jurnalist boʻlgan bu hamyurtimiz sayohatni xush koʻradi. Davralarda ona — Oʻzbekistonimiz haqida gap ketgudek boʻlsa, jannatmonand diyorimiz, uning betakror tabiati, mehr-oqibatli odamlari toʻgʻrisida toʻlib-toshib soʻzlaydi. Yoshlarni bu zaminni sevib, ardoqlashga daʼvat etadi.

— 2018-yilda butun Oʻzbekistonni velosipedda aylanib chiqqandim, — deydi u. — Keyin esa kampirim bilan yurtimiz boʻylab piyoda sayohatga chiqish fikri tugʻildi. Tegishli idoralarga murojaat qildim. Qoʻllab-quvvatlashdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mutasaddilariga jami 14 ta maktub yoʻlladim. Buni qarangki, hokimlardan 238 ta xat oldim. Barchasi “Kelinglar, quchoq ochib kutib olamiz”, degan mazmunda edi.

Muhammad ota va Shirin buvining “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasidagi yayov sayohatlari Andijon viloyatining Xonobodidan shu yilning 3-martida boshlandi. Ikkovlon yuz kundan ziyod vaqt mobaynida respublikamizning 12 ta viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻistonni  sayru sayohat qilib chiqdilar.

— Bizni hamma joyda shod-xurram qarshi olishdi, — deydi  Shirin buvi Sadirova. — Yoshlar bilan ham, tengqurlarimiz bilan ham uchrashib, maroqli suhbatlar qildik. Men shunda bir narsani payqadim. Xalqimizning tilidan “Shukr” degan soʻz tushmas ekan. Sizga yolgʻon, menga chin, bu soʻzning zamirida katta hikmat bor. Mana, cholim bilan bir umr shukr qilib yashayapmiz. Birovdan kam boʻlganimiz yoʻq. Yetti farzand, 15 nevaramiz bor. Shukr, barchasi oʻziga tinch. Oʻzimga kelsak, yoshim yetmishdan oshganda Oʻzbekistonni poyi piyoda aylanib chiqaman, deb oʻylamagan edim.

Uzoq davom etgan sayohat davomida qahramonlarimiz esda qolarli voqealar guvohi ham boʻlishdimikan?

— Albatta, — deydi  bir necha kitob muallifi sanalgan Muhammad  Qudratov.- Guliston shahriga kelganimizda bizga mezbonlardan biri hamrohlik qildi. Payqadimki, kayfiyati yoʻq. Nimadandir bezovta. Soʻrab-surishtirib sababini bildim. Boyaqish nevara kutayotgan ekan. Ammo qizi uch kundirki, shifoxonada, toʻlgʻoq azobida ekan. Shunda kampirim bilan   “Ibn Sino, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband  kabi piru komillarimizning ruhi shu qizimizga madadkor boʻlsin”, deya duoga qoʻl ochdik. Oradan bir kun oʻtdi. Odatdagidek navbatdagi manzil sari ketayotgandik. Oʻsha hamrohimiz qoʻngʻiroq qilib qoldi. Suyuna-suyuna nevarali boʻlganini, chaqaloqqa Muhammad ismini qoʻyishganini aytdi. Bu xushxabarni eshitib qushdek yengil tortdik.

Butun Oʻzbekistonni jufti haloli bilan yayov kezib chiqqan Muhammad  ota ayni damda safar taassurotlarini qogʻozga tushirish bilan band.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?