Hokim yordamchisi lavozimida oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar ham ishlashi mumkin

12:04 06 Dekabr 2021 Jamiyat
3699 0

“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–29-son, 03.12.2021-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etiladi.

Mazkur lavozimga:

— Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy boʻlinmalarida boʻlim (shuʼba) boshligʻidan past boʻlmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;

— nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;

— tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy maʼlumotga ega boʻlmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

— Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari;

— tuman (shahar) hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari.

Agentlik direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Farmonga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.

Ushbu koʻkrak nishoni bilan hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslar taqdirlanadi.

Farmon bilan shuningdek, Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?