Hokim yordamchisi koʻp ishga qodir

09:15 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
506 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi tashkil etilib bu vazifaga yosh, gʻayratli va izlanuvchan kadrlarning jalb etilishi qisqa vaqt ichida oʻz samarasini koʻrsata boshladi. Masalan, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanining Qodirobod mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat olib bora yotgan Qodirjon Gʻaniyev hududni rivojlantirish, bandlikni taʼminlash borasidagi amaliy ishlari bilan aholi turmushida ijobiy oʻzgarishlar yasashga muvaffaq boʻldi.

U ish boshlagan dastlabki kunlardayoq xonadonlarni obdon oʻrganib, kim bilan qanday hamkorlik qilish zarurligini aniq belgilab olgan edi. Birinchi navbatda tadbirkor mahalladoshlari koʻmagiga suyanish, ular qatoriga yangidan-yangi ishbilarmonlarni tortishni koʻzlagani toʻgʻri boʻlgan ekan. Aylanma mablagʻ, texnologiya sotib olish masalasida qiynalib yurgan tadbirkorlarga 351 million soʻm miqdorida kredit olib berilishi bilan 30 ta istiqbolli loyiha ijrosini topdi. Xunarmandchilik, boshqa kundalik kasblar egasi boʻlgan 110 fuqaro oʻzini-oʻzi band qilish imkoniyatidan foydalandi. 62 nafar ayol-qizlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish orqali ularni daromadli yumushlarga jalb qilindi. Dehqonchilikka uquvli 117 nafar ishsiz fuqaroga esa auksion orqali yer olishga yordam koʻrsatildi.

— Odamlarni ish bilan taʼminlash uchun eng kichik imkoniyatlarni ham harakatga keltiryapmiz, — deydi Q. Gʻaniyev. — Misol uchun, hududdagi anchadan buyon boʻsh turgan kattagina bino eʼtiborimni tortdi. Namangan shahrida faoliyat olib borayotgan «Mega stil group» xorijiy qoʻshma korxonasi mutasaddilariga shu joydan foydalanish taklifini berdim. Filial ochishdi, bugun 20 nafar xotin-qiz tikuvchilik qilib, 2 million soʻmdan koʻproq maosh olyapti.

Bundan tashqari kattagina anorzorini oilaviy biznes manbaiga aylantirgan Sobirjon Obidjonov hokim yordamchisi maslahati bilan yetishtirgan hosilini qayta ishlab, sharbat tayyorlashga oʻtdi. Daromadi uch baravar ortdi. Abdurahmon Azizovga esa kredit hisobiga 10 bosh qoʻy olib berib, xonadon chorvasi tashkil qilindi.

Mahalladoshlariga motivatsiya berib, ularning maqsad va rejalariga qanot bagʻishlayotgan hokim yordamchisidan aholi mamnun.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер