Hindistonning mintaqamizga qiziqishi yuqori

18:42 26 Yanvar 2022 Jamiyat
414 0

Foto: Халқ сўзи

Shu yilning 26-yanvar kuni Hindiston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasida ushbu mamlakatning 73 yilligi katta tantana bilan nishonlandi. 1950-yil ayni shu kuni mustaqil Hindiston adolat, ozodlik, tenglik va qardoshlik shiorlari ustuvor boʻlgan oʻz Konstitutsiyasini amalga kiritib, demokratik respublikaga aylandi.

Buyuk shoir va faylasuf, tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Rabindranat Tagor muallifi boʻlgan Hindiston milliy gimni ijrosi bilan boshlangan marosimda Hindiston elchixonasi xodimlari, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan hind diasporasi vakillari va keng jamoatchilik qatnashdi.

Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat taʼkidlaganidek, pandemiyaning ogʻir davriga qaramay, Hindiston oʻz fuqarolarini zudlik bilan keng miqyosli vaksinatsiyalashga ulgurdi, qolaversa, vaksina hamda oʻta zarur dorilarni koʻplab xorijiy davlatlarga yetkazib berdi. Iqtisodiy oʻsish ham tiklanmoqda, Hindiston dunyoning 50 ta ilgʻor innovatsion iqtisodiyotli davlati safidan oʻrin oldi.

Hozirgi vaqtda Hindiston istiqlolining 75 yilligi munosabati bilan ham mamlakatda, ham xorijda “Azadi Ka Amrit Maxotsav” (Mustaqillikning buyuk bayrami)ni nishonlamoqda. Jahondagi hind diasporasi tomonidan yuzlab madaniy tadbirlar, tarix, madaniyat, fan va texnika boʻyicha koʻrgazmalar taqdimotini oʻtkazish belgilangan. Oʻzbekistonda Hindiston elchixonasi va Lal Bahodir Shastri nomidagi hind madaniyat markazi “Azadi Ka Amrit Maxotsav” (AKAM) doirasida bir necha dasturlarni taqdim etadi. Shu yilning 22-26-mart kunlari Toshkent va boshqa shaharlarda maxsus haftalik oʻtkazish rejalashtirgan boʻlib, unda hind madaniy jamoalari chiqish qiladi, qator taqdimotlar, jumladan, yoga mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Truppalar madaniy aloqalar boʻyicha Hindiston kengashi tomonidan Dehliga yuboriladi.

Hindiston va Oʻzbekiston strategik sheriklar va anʼanaviy doʻstlar sifatida savdo, sarmoya, iqtisodiyot, madaniy gumanitar hamkorlik, yoshlar va taʼlim almashinuvlari bilan bogʻliq turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishda davom etmoqda. Shuningdek, mintaqada yaqin sheriklar hisoblanuvchi mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirlari darajasida Hindiston – Markaziy Osiyo muloqotini boshladi. Uning birinchi yigʻilishi 2019-yilda Samarqandda oʻtkazildi.

Muloqotning muvaffaqiyatli davomi oʻlaroq, Hindiston – Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining onlayn shakldagi birinchi sammiti 27-yanvar kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan oʻtkaziladi. Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Markaziy Osiyoning boshqa yetakchilari ham ishtirok etadi. Davlat rahbarlari Hindiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlarni yangi darajaga koʻtarish masalalarini muhokama etishi kutilmoqda.

Tadbir Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlanadi.

Abduvali Saybnazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер