Hindistonda guruch hosili kuchli yomgʻir tufayli qisqardi

00:06 14 Avgust 2022 Dunyo
826 0

Foto: Rebecca Conway/Getty Images

Dunyoda yetakchi guruch eksportchisi boʻlgan Hindistonda guruch ekinlari bu yil kuchli yomgʻir tufayli kamayishi mumkin. Bloomberg agentligining Hindiston Qishloq xoʻjaligi vazirligiga tayanib xabar berishicha, ekin maydonlari allaqachon 12 foizga qisqargan.

Hindiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 12-avgust holatiga koʻra sholi yetishtiriladigan maydonlar 2021-yildagi 35,36 million gektardan 30,98 million gektargacha qisqargan. Shu bilan birga, shakarqamish ekiladigan maydonlar 5,45 million gektardan 5,52 million gektarga oshdi.

Bu yilgi yozda Hindistonda musson yogʻingarchiliklari oʻrtacha 8 foizga yuqori boʻlgan. Biroq, Hindistonning baʼzi sholi yetishtirishga ixtisoslashgan shtatlarida, masalan, shimoliy Uttar-Pradesh shtatida, yogʻingarchilik, aksincha, yetarli emas. Yomgʻirli mavsumda ekin ekish odatda may oyining oxirida, yigʻish esa sentyabr oyining oxirida boshlanadi.

Dunyo guruch savdosining qariyb 40% Hindiston hissasiga toʻgʻri keladi. Avvalroq The Economic Times gazetasi Hindiston hukumati guruch eksportini cheklashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

May oyida Hindiston mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid borligini bahona qilib, bugʻdoy yetkazib berishni taqiqlagan edi. Shundan ikki kun oʻtib Yevropada bugʻdoy narxi bir tonna uchun 438,25 yevroga yetdi, keyinroq Hindiston shakar eksportini chekladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?