Hindistonda dunyoda eng koʻp saylovchi ishtirok etadigan parlament saylovi boshlandi

08:53 19 Aprel 2024 Dunyo
244 0

Bugun Hindistonda parlament saylovi boshlandi.

1-iyunda yakunlanadigan mazkur saylov dunyodagi eng uzoq vaqt davom etadigan siyosiy tadbir boʻladi va unda bir milliardga yaqin saylovchi ovoz berishi kutilmoqda.

Parlament saylovida amaldagi hukmron “Bharatiya janata parti” va unga asosiy muxolif siyosiy kuch boʻlgan “Hindiston milliy kongressi” partiyasi aʼzolari asosiy raqobat olib boradi.

Hindiston parlament demokratiyasi joriy qilingan va dunyoda aholisi eng koʻp boʻlgan mamlakatdir. Parlamentning quyi palatasi – 543 oʻrinli Lok Sabhaning amaldagi faoliyat muddati 16-iyun kuni tugaydi. Ushbu muddatgacha Lok Sabhaning yangi tarkibi shakllantirilishi va hukumatga keyingi 5-yilda rahbarlik qiladigan Bosh vazir nomi eʼlon qilinishi kerak.

28 ta shtat va 8 ta ittifoq hududlarida ovoz berish jarayoni bir necha bosqichda oʻtadi hamda ovozlarni sanash 4-iyun kuni yakunlanishi zarur. Saylovda 968 million nafarga yaqin saylovchi qatnashadi.

Saylov arafasida oʻtkazilgan soʻrovlar amaldagi Bosh vazir Narendra Modining “Bharatiya janata parti” partiyasining gʻoliblik uchun imkoniyatlari koʻpligini bashorat qilmoqda. Biroq “Hindiston milliy kongressi” partiyasi yetakchiligidagi hamda 28 ta umummilliy va hududiy partiyalarni birlashtirgan I.N.D.I.A. (Indian National Developmental Inclusive Alliance) muxolif alyansi aʼzolari ham oʻz soʻzini aytishga ahd qilgan.

Hindiston bugun iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Xususan, xalqaro reyting agentliklarining bashoratiga koʻra, 2028-yilda Hindiston yalpi ichki mahsulotning (YAIM) oʻsish surʼati boʻyicha dunyoda birinchi oʻringa chiqib olishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер