Hindiston xalqiga Oʻzbekistondan insonparvarlik yordami yetkazildi

09:56 02 May 2021 Siyosat
960 0

Maʼlumki, ayni paytda dunyoning turli nuqtalarida koronavirus pandemiyasining “ikkinchi toʻlqini” faollashib bormoqda. Xususan, soʻnggi bir necha kunlar davomida Hindistondagi epidemiologik vaziyat ham keskin tus oldi. Ushbu mamlakat uchun murakkab va sinovli kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra, joriy yilning 1-may kuni Dehli shahriga insonparvarlik koʻmagi yetkazildi.

Mobil kislorod konsentratorlari toʻplamlari, ehtiyoj yuqori boʻlgan turli dori vositalaridan tarkib topgan insonparvarlik yuklari Dehli aeroportida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov tomonidan mazkur mamlakat Qizil Xoch jamiyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakillariga topshirildi.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Yevroosiyo Departamenti direktori oʻrinbosari Bandaru Vilsonbabu Hindistondagi joriy sanitar-epidemiologik holat keskin ogʻirlashgan bir vaqtda Oʻzbekiston Rahbariyati tomonidan birinchilardan boʻlib insonparvarlik yordamini yuborish haqida qaror qabul qilinganligi Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida faol hamkorlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanini namoyish etish bilan birga Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi mavjud strategik sherikchilik aloqalarining amaldagi yaqqol isboti ekanligini eʼtirof etdi.

«Bugun doʻst va birodar Oʻzbekiston Respublikasi xukumati tomonidan joʻnatilgan insonparvarlik yuklarini qabul qilib olmoqdamiz. Oʻzbekiston va Hindiston azal-azaldan yaqin qoʻshni, sinalgan doʻst va hamkor davlatlar hisoblanadi. Mamlakatlarimiz anʼanaviy ravishda turli masalalarda bir birini doimo qoʻllab-quvvatlab kelgan va bugun oʻzbekistonlik doʻstlarimiz tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami xalqlarimizning samimiy doʻstligi, bir-biriga boʻlgan ishonchi va hurmatidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Rahbariyatiga va Hukumatiga ushbu murakkab va ogʻir damlarda hind xalqiga koʻrsatilgan oliyjanob koʻmak uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz», - deya taʼkidladi Hindiston vakili.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami Hindistonning qator yetakchi OAVlarida, xususan “Times of India”, “ANINews”, “ZeeNews” va boshqalarda keng yoritilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?