Hech bir ayol davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmaydi

16:24 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
409 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda gender tenglik, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini taʼminlash masalasida juda katta oʻzgarishlar yuz beryapti.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmaydi” degan qatʼiy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻzining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy erkinliklari hayotidagi roli va faolligini yanada oshirish, ehtiyojmand xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatishning samarali usul va vositalaridan keng foydalanish, ularning bandligini toʻla-toʻkis taʼminlash imkonini oshiradigan maxsus tizim yaratish, xotin-qizlar bilan bogʻliq muammolarni yechishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni taʼminlash borasida ishlarni tizimli tarzda olib borish zarurligiga alohida eʼtibor qaratib, “Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun hamma imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, deb taʼkidlagan.

Aynan ana shunday tizimli hamkorlikning natijalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan joriy yilning 21-oktyabr kuni oʻtkazilgan eshituvida axborot berildi.

Qoʻmita eshituvidan maqsad – 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ustuvor vazifalarini amaliyotga tadbiq qilishda ayollarimizga eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatishni yuksak bosqichga olib chiqish, ularning jamiyatdagi oʻrni va maqomini mustahkamlash, huquq va manfaatlarini taʼminlashda davlat organlari faoliyati yuzasidan parlament nazoratini oʻrnatishdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov tadbirni ochib, dunyoda xotin-qizlar siyosatini olib borish yoʻlida “Oʻzbekiston tajribasi”ning oʻziga xosligi, Yangi Oʻzbekistonda “gender sezuvchan parlament”i shakllanishining Ruanda poytaxti Kigali shahrida boʻlib oʻtgan Parlamentlararo ittifoqning 145-assambleyasida ham eʼtirof etilganligiga alohida toʻxtaldi.

Eshituv ishtirokchilari tomonidan, soʻnggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganligiga eʼtibor qaratildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd. soʻm mablagʻ ajratib borish yoʻlga qoʻyildi. Bu bilan Oʻzbekistonda genderga yoʻnaltirilgan byudjet shakllandi.

Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Gender tenglikka erishish strategiyasida tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida qator tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda mutasaddi tashkilotlarning masʼulligi belgilangan.

Ichki ishlar vazirligining axborotida aynan tazyiq va zoʻravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa obyektlarning hisobini yuritish, shuningdek tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki uni sodir etgan gʻayri ijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash, ularga profilaktik taʼsir koʻrsatish hamda xulq-atvorini oʻzgartirish tizimini va choralarini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari bildirildi.

Jumladan, joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganligi uchun 32 783 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.Ularning 18 112 tasi ruhiy zoʻravonlik, 9 155 tasi jismoniy zoʻravonlik, 340 tasi iqtisodiy zoʻravonlik, 68 tais jinsiy zoʻravonlik hamda 6 225 ta tazyiq holatlari aniqlanganligi sababli rasmiylashtirilgan.

Tadbirda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishda hali jiddiy eʼtibor qaratiladigan muammolar mavjudligi, himoya orderi muddatlarini uzaytirish hamda uning cheklovlarini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishning huquqiy asoslarini qayta koʻrib chiqish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Eshituvda fuqarolarning daxldorlik hissini oshirish, davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini oʻzgartirish, masʼuliyatni his qilishga oʻrgatish, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash, mazkur sohada ijtimoiy hamkorlik mexanizamlaridan toʻliq foydalanish toʻgʻrisida tavsiyalar berildi hamda qoʻmita qarori qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер