Hazrat Navoiy qabriga tosh qoʻygan usta: Bobomizga mehr-muhabbatim timsoli

11:15 10 Fevral 2022 Jamiyat
486 0

Foto: Халқ сўзи

Qadim Nurotadagi Gʻozgʻon qishlogʻimizda yetti avlodimiz toshtaroshlik sanʼati bilan shugʻullangan. Bu iqtidor avloddan avlodga ota meros tarzda oʻtib kelmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda kindik qoni toʻkilib, boqiyga rihlat qilgan juda koʻplab allomalar qabrlari obod qilinib, lavhalar oʻrnatildi. 2001-yili Buxoro amiri Amir Olimxonning bobosi Abdulahadxon qabrini taʼmirladik. Keyingi yillarda Surxondaryodagi Hakim at-Termiziy, Imom Termiziy, Soʻfi Olloyor, Sulton Saodat, Qashqadaryodagi Xoʻjai Jarroh, Sulton Mirsaid Haydar, Abdulaziz muborak, Abu Muʼin Nasafiy, Buxorodagi Xoʻja Azizxon, Abduholiq Gʻijduvoniy, Toshkentdagi Suzuk ota, Zangiota, Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur ziyoratgohi koʻrkam qiyofa kasb etdi.

 

 

Ezgulikning kechi yoʻq ekan. Oʻzbekistonlik bir guruh ustalar bir necha yil avval Afgʻonistonga borib, hazrat Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, musavvir Rustam kabi allomalarimiz qabrtoshlarini yangiladik. Hazrat Navoiyning ustozi Mavlono Lutfiyning Hirotdan 60 km. masofada joylashgan Kashti Kanor qishlogʻidagi qabriga tosh oʻrnatdik.

 

 

Uzoq yillik toshtaroshlik faoliyatim davomida shu xalqim va yurtimga oz boʻlsada foydam tekkandir. Ammo hazrat Alisher Navoiyday buyuk insonning qabrtoshlariga bitik bitaman deb oʻylamagandim. Allohga beadad shukrlar boʻlsin, meni yaxshi ezgu ishlar roʻyobi ichida ana shu baxtga yetkazdi. Bundan behad faxrlanaman. Qolaversa, Afgʻonistonda buyuk shoir qabri atrofiga Oʻzbekistondan olib borilgan turli 1150 dona daraxt nihollarini oʻtqazganmiz. U kunlar hayotimdagi hech esdan chiqmaydigan yorqin daqiqalardir. Shu bilan birga, ulugʻ ajdodimizga bir farzand, oddiy bir hunarga qalb qoʻrini bagʻishlagan inson sifatida umr boʻyi mehru muhabbatim ramzi boʻlib qoladi.

Usta Tohir RAHIMOV,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?