Hayotingizni xavf ostiga qoʻymang!

11:50 08 Fevral 2022 Jamiyat
486 0

Foto: Халқ сўзи

Bugungi kunda respublikamizda aholiga farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berishda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami har doimgidan ortgan. Zotan, har qadamda uchraydigan dorixonalarda bir soniya boʻlsin, savdo tinmaydi. Biroq, ayrim dori vositalari ham borki, mamlakatimizda ularning savdosi cheklangan. Shunday boʻlishiga qaramay, baʼzan bu turdagi mahsulotlarni topish mumkin. Nega? Qanday qilib? Sifati kafolatlanmagan, inson hayoti uchun xavflilik darajasi ortiq boʻlgan dorilarning noqonuniy aylanmasi qanday yuzaga kelmoqda?

Andijon viloyat bojxona boshqarmasining maʼlum qilishicha, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, shu kungacha 6212 dona dorilarning noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyildi. Xususan, Oltinkoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro S.S. boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi. Natijada avtomashinada sifatini va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 970 dona «Tropikamid», 4032 dona «Regapen», 350 dona «Karbamazenin» hamda 960 dona «Taufon tabs» nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ularning umumiy qiymati 220 mln. soʻmni tashkil qiladi.

 

 

Andijon shahrida esa fuqaro O.U.ga tegishli boʻlgan “Damas” rusumli avtotransport vositasida 125 million soʻmlik 4810 dona «Konvuleks 500mg» nomli sifati kafolatlanmagan dori vositalari mavjud ekanligi aniqlandi. Hozirda bu mahsulotlar qayerdan olingani, respublikamiz hududiga qay tartibga kirib kelgani yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

— Bugungi kunda insonlar salomatligini asrash uchun har qachongidan dolzarbdir, — deydi andijonlik farmatsevt Qodirjon Xoʻjamberdiyev. — Salomatlik uchun xavfli boʻlgan dori vositalardan foydalanishda birinchi oʻrinda bemorlarning oʻzlari himoyalanishi lozim. Ular oʻz salomatligi uchun, avvalo, oʻzi masʼul ekanini toʻliq his etmas ekan, bunday dori vositalarining noqonuniy savdo aylanmasi davom etaveradi.

Tiriklik — inson uchun bebaho neʼmat. Salomatlik esa qiyosi yoʻq boylik ekanini pandemiya davrida yanada chuqurroq angladik. Shunday ekan, hayotimizni xavfli dori vositalariga ishonib topshirishga haqqimiz yoʻq.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер