Hayotiy faoliyat xavfsizligi: uni nimadan boshlash kerak?

21:03 31 Mart 2021 Jamiyat
647 0

Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida “Hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlashda innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar” mavzuida III Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika yosh olimlar kengashi, X. Sulaymonova nomidagi sud-ekspertiza markazi vakillari, sohaga oid akademiyalar va harbiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, kursantlar va jurnalistlar qatnashdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi, general-polkovnik Qobil Berdiyev tadbirni ochar ekan, yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va qabul qilingan 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani, oliy taʼlim muassasalarida innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar koʻrilayotganini alohida taʼkidladi.

Anjumanda yuqori texnologiyalarga ega boʻlgan rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari sohasida hamkorlikni kengaytirish, hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlash tizimiga ixtirolar va ilmiy ishlanmalar, yutuqlarni samarali tatbiq etish maqsadida mavjud ilmiy-texnik salohiyat va imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.

— Tadbir doirasida oʻzaro fikr almashish, yangiliklardan xabardor boʻlish, yoshlarning ilmiy salohiyatini yana-da oshirish, tanlangan va maʼruza qilingan mavzular yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, — deydi FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, kapitan Farhodjon Xoʻjayev.

FVV akademiyasi kursantlaridan biri Olim Mavlonov ham ushbu anjuman ishtirokchisi. Uning fikricha, bugungi kunda zamon shiddat bilan rivojlanib, aholi soni ham oʻsib boryapti, ishlab chiqarish sohasi ham taraqqiy etayotir. Shu bois yoshlar yangi innovatsion gʻoyalarni amaliyotga keng tatbiq etishda, favqulodda vaziyatlarning oldini olishda ilmiy izlanishlarni yana-da rivojlantirishi kerak deb hisoblaydi.

— Anjumanda “Favqulodda vaziyatlarni oldini olishda optik-elektron qurilmalaridan foydalanishning samaradorligi” mavzusidagi innovatsion gʻoyam bilan qatnashib, “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” nominatsiyasi boʻyicha sertifikatga ega boʻldim, — deydi u. — Bu menga ilmiy-tadqiqot ishlarimni yana-da faollashtirish, yangi-yangi gʻoyalar ustida bosh qotirishda kuch beradi. Yana shuni aytmoqchimanki, bunday tadbirlar tez-tez oʻtkazib turilsa, koʻplab loyihalarni muhokamadan oʻtkazish orqali ularni yana-da takomillashtirishga zamin yaratilardi.

Taʼkidlash joizki, tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan anjumanning eng faol ishtirokchilariga “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy ishlanma”, “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” kabi nominatsiyalar gʻoliblariga sertifikatlar berildi.

Dildora QOʻSHOQOVA,
OʻzJOKU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?