Hayotda ham, ijodda ham nusrat topgan ijodkor

13:24 03 Iyul 2023 Jamiyat
556 0

Bugun — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nusrat Rahmat tavallud topgan kun

Taniqli yozuvchi, jurnalist va publitsist Nusrat Rahmat bugun 82 yoshga toʻldi.

Ijodkorning “Taqdimot”, “Fojia”, “Men muxbirman”, “Men redaksiyadanman”, “Buni hayot debdilar”, “Asqad Muxtor dedilar”, “Jadid” singari kitoblari oʻquvchilar mehrini qozongan. U yaratgan dilbar sheʼrlar, moʻjaz hikoyalar, oʻziga xos qissa va romanlar nafaqat yozilish uslubi, nafis va shirali tili, balki choʻng samimiyati, badiiy yuksakligi, insonga xos nozik tuygʻularni, hayotning pastu balandliklarini yorqin boʻyoqlarda aks ettirgani bilan ajralib turadi.

Mohir publitsist jurnalistikaning xolislik, adolat, ochiqlik va shaffoflik, haqiqatgoʻylik kabi oltin tamoyillariga doim sodiq qolgan. U qalamga olgan dolzarb mavzular xalqimizning orzu-umidlarini, talab-istaklarini, ijtimoiy turmushning qaynoq nuqtalarini oʻzida mujassam etgani bois jamiyatda katta aks sado berib, keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Jurnalistning jonkuyarligi, fidoyiligi, el-yurtga cheksiz mehr-muhabbati, jasorati, kasbga sadoqati tufayli hayotimizdagi koʻplab muammolarga oʻz vaqtida yechim topildi. Qishloq xoʻjaligi, sanoat, madaniyat, maʼrifat, maʼnaviyat sohalari rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

Ijodkorni tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga uzoq umr, mustahkam tani sihatlik, oilaviy xotirjamlik tilaymiz.

Ayiq ergashtirgan amaki

(Hikoya)

— Daryo yoqalab yuramiz, — dedi xoʻjayin.

Ayiq odatdagidek, indamadi. Sukut esa alomati rizo edi.

Mashinalar oqimi bir zum tin olmaydigan shohkoʻcha yoqalab yurayotgan yoʻllarini oʻzgartirishdi: daryo sohiliga oʻtib olib, yuqoriga oʻrlashdi. Bu — nooʻngʻay, mashaqqatli edi: qarshidan bot-bot botqoqliklar, toʻqaylar chiqar va ularning yengib yoki chetlab oʻtishga toʻgʻri kelardi. Sohilda yeguliklar topilardi — chakanda, yovvoyi olcha, olma… Gohida roʻparalaridan dehqon chaylalari chiqib qolar, ularni non, qovun va boshqa yeguliklar bilan siylashardi. Ayiq esa turli ildizpoyalar, parranda tuxumlari, jonivorlar bilan nafsini qondirardi.

Xoʻjayindan mudom non hidi kelib turardi (u beliga non bogʻlab olgandi). Saxiy, xushfeʼl edi xoʻjayin: bot-bot belbogʻini yechib, oʻrtaga yoyar va ular nonni suvga botirib yeyishardi.

Sohil boʻylab odimlashlarining sabablari koʻp. Ular bir narsani — vatanlari ana shu daryo yoʻl boshlagan togʻlar orasida ekanligini unutishmagandi va Zarafshon ona yurtlariga adashtirmay yetkazishiga umid bogʻlashgandi.

Ikkovlari ham yoshini yashab, oshini oshaganlardan edi.

Ayiq yetaklagan amakining nomi — Safarali. Yoshi yetmishning nari-berisida boʻlib, peshona teri va koʻz yoshi taʼmini rosa tatigan; chayir, andak bukchayib yuradigan, oʻrtaboʻy kishi. Ayiq (laqabi — ar-ar)ning ham yelka suyaklari boʻrtib turganligi, junlarining dagʻallashgani, oʻta itoatkorligi, koʻzlari xiralashib, tishlari toʻkilganligini koʻrgan kishi ruslarning: “Starost — ne radost” degan naqli faqat odamlarga emas, jonivorlarga ham taalluqli ekanligiga ishonch hosil qilardi.

Taqdir bu ikki shoʻrlikni bu tomonlarga uloqtirib tashlaganiga oʻn besh yillar chamasi boʻlib qoldi. Kasbu kor, tirikchilik, aniqrogʻi, oʻttiz ikki sabab bariga. Ayiq oʻynatib, non topish Safarali uchun — ota kasb. Uning bobokalonlari ham togʻdan hali koʻzi ochilmagan ayiq bolalarini olib kelib, bir qoʻlda qamchi, bir qoʻlda shirinlik bilan, ularni yoʻlga solishgan: til topishgan, gaplashishgan.

Safarali ar-ar bilan uning akasini qoʻlga kiritish uchun obdon tayyorgarlik koʻrgan, rosa payt poylagandi oʻshanda. Bu yerdagi ona ayiqlar qishki uyqu paytida — fevral oyining oxirlarida koʻz yorishini, bolakaylarning koʻzi qirq kungacha yumuq boʻlishini otasidan eshitgandi. Shuning uchun ham kunlar isib, ona inidan chiqib ketishini intiqlik bilan kutishga toʻgʻri keldi.

Ona inidan chiqqan birinchi kuniyoq u bolakaylarni oʻgʻirladi. Koʻp oʻtmay bechora ona daralarni larzaga solib oʻkirdi: nogahonda ikki navqiron oʻgʻlidan judo boʻlgan siynachok onaning dardli faryodi edi bu. Ini ichida inson hidi inib qolganidanoq, bu bedodlikni oʻsha ikki oyoqli dushmani qilganini azaliy instinkti bilan his etdi. Shunday daqiqalarda atrofda odamga duch kelsa, tilka-pora qilishi turgan gap edi.

Ayiq deganlari hammaxoʻr jonivor: goʻshtmi, mevami, ildizpoyami paqqos tushirishni xush koʻradi. Lekin koʻzi endigina ochilayotgan murgʻak ayiqchalarni sut, atala, qiyma goʻsht bilan boqish talab etilardi. Qoʻshnining bolasi ayiqchalarning kattasini qoʻgʻirchoqqa oʻxshatdi va shu kundan eʼtiboran uning laqabi loʻxtak boʻlib qoldi. Kichigiga esa ar-ar deb nom qoʻyishdi. Qishloqlarining ham nomi Ar-ar, ammo buning bir-biriga aloqasi kamroq. Ayiqcha ertalablari ona hidi, harorati, sutini qoʻmsab boʻkirardi va butun oila vahimaga tushar, ona ayiq kelib qolishidan xavotir tortardi. Shu sabab ar-ar boʻlib qolgandi uning laqabi.

— Sen, hayvonsan, — yoʻlida va soʻzida davom etdi Safarali, — koʻp narsani bilmaysan, yodingdan chiqarib yuborasan. Biz kelganimizda chegara degan gap yoʻq edi — bemalol oʻtib kelaverardik. Endi unaqamas…

Bu — xavotirlanish edi. Ular har yili bahorda kelib, kuzda qaytib ketishardi: ayiq qishki uyquni oʻz yurtida oʻtkazardi. Ammo nogahonda vaziyat oʻzgardi. Yoz davomida toʻylarda, saylgohlarda tomosha koʻrsatib, tuzukkina pul topishdiyu, ammo qaytishda avtomat tutgan harbiylar ularning yoʻllarini toʻsishdi: hukmfarmolik bilan hujjat talab qilishdi. Tabiiyki, ularda hujjat yoʻq edi, iltimos, iltijolari esa ularning tosh yuragini ilitolmadi: noumid orqaga qaytishga majbur boʻldilar.

Ariq boʻyida loʻlilardan qolgan kulbada yashashgandi. U yer oʻngʻay edi: qoʻni qoʻshni yoʻq: jonivorning vajohatidan, boʻkirishidan choʻchib, hech kim shikoyat qilmasdi. Ular hamrohlikda koʻchaga chiqishar, tanishlardan goʻsht, non, yongʻoq sotib olishardi. Koʻp oʻtmay ar-ar qishki uyquga ketdi.

— Oʻsha qish yaxshi uxlamading, — soʻzida davom etdi Safarali, — bu yerda havo toza emasdi, shovqunlar ham boʻlib turardi. Gohida mirshab kelib, mendan pul talab qilishini hisobga olmaganda, hech kim tinchimizni buzmasdi.

Ular yoʻlda davom etardilar. Atigi bir necha qadam narida donlab yurgan tustovuqlar galasi, daryo yuvib, koʻlmaklar hosil boʻlgan joylardagi shirmoy baliqlar ishtahalarini qitiqlar, ammo ularning ortidan tushish befoyda ekanligini his etib, yoʻlning tanobini tortishardi.

Nogahonda ar-ar boshini koʻtarib, havoni uzoq hidladi. Keyin chap tomonga intildi. Safarali xavotir aralash ikkilanish bilan uning ortidan ergashdi; koʻp oʻtmay, tandirda jizgʻanak boʻlgan non parchasining hidini tuydi. Qishloq chekasida bir ayol non yopardi. U xavotir tortmasligi uchun Safarali ar-arning boʻyniga zanjirni ilintirdi va ancha yaqinroq borib tin olishdi. Ayol avval ajablanib turdi, soʻng hammasini tushundi va bolasidan bir juft issiq non berib yubordi. Keyin esa bu nogahoniy mehmonlar bolasiga biror zarofat yetkazishidan koʻngli tap tortib, ziyrak kuzatib turdi.

— Oʻzbek ayollari yaxshi, — dedi Safarali, — yur, endi nonni suvga botirib yeymiz.

Ular daryo boʻyida tin olib, nonni suvga boʻktirdilar.

— Akamni koʻrmaganimga oʻn besh yildan oshdi, — soʻzida davom etdi Safarali, qorinni toʻygʻazib, yoʻlga tushgach, — keksayib qolgan boʻlsa kerak. Ehtimol, meni tanimas ham. Men esa: “Aka, man Safaraliman!», deyman. Sening ham qavmlaring dastlab begonasirashadi; keyin tanib olishadi. Endi keksaydik: oʻlimdan qochib qutulib boʻlmaydi! Oʻz yurtingda oyoq uzatganingga nima yetsin?! Sening akang barvaqt nobud boʻldi — kechir men notavonni…

Gap shundaki, dastlabki yillari omad ularga bot-bot oʻng qoʻlini choʻzib turdi. Ilk bor Registonda tomosha koʻrsatishgani esa sira yodlaridan chiqmaydi. Dastlab loʻxtak ham ar-ar ham batamom begona hid, notanish qiyofalardan hadiksirab turishdi, ammo xoʻjayin nigohidagi jiddiylik aralash xayrixohlik dillariga quvvat ato etdi. Nogʻora “Andijon polkasi”ni boshlashi bilan ikkilanmay, ohangga hamohang yoʻrgʻalashga tushishdi. Atrofdagi bolakaylar qiqirlab kulishdi, kattalar iljayishib, tartibsiz qarsak chalishdi. Anchagina davom etdi bu zavqovar tomosha. “Muhtaram tomoshabinlar, tirjayib turgan yuzlab basharalarga murojaat qildi xoʻjayin, — shu bilan raqsni yakunlaymiz. Endi aka-ukalar kurash tushishadi — davrani kengroq oling! Shiriy krug! Shiriy krug!»

Toʻplanganlarning yuzlaridagi qiziqish, hangomatalablik mayllari kuchayganday boʻldi. Nogʻora bu gal vazminroq, hatto mungliroq ohang boshladi. Ular pahlavonlarga monand harakatlar qilib, ikki bor davra aylanishdi, bir-birlarini kurashga chorlab, poʻpisayu iddaolar qilganday boʻlishdi. Keyin (xoʻjayin oʻrgatganday qilib) ar-ar ilkisda akasiga tashlanib qoldi. Loʻxtak ham anoyilardan emasdi — raqibni belidan quchoqlab dast koʻtarib turdiyu, hangomatalab olomonning hayajonlarini rosa koʻpirtirgach, koʻtarib tashladi. U esa irgʻib turib, raqibining oyogʻidan olmoqchi boʻlganda, Safarali adolatpesha hakamlarday oraga kirdi: “Hay-hay! Gʻirromlik chikora?! Mardlik — halollikda!». Xullas, uzoq davom etmagan kurashdan keyin (hamishadagidek) ar-arning qoʻli baland keldi. Safarali baraban chalishdan toʻxtab, muddaoga oʻta boshladi: qizim senga aytaman, kelinim sen eshit, qabilida shaʼma bilan aka-ukaga murojaat qildi: “Sizlar juda uzoqdan — hov togʻlar orasidan samarqandliklarga shodu xurramlik ulashish uchun kelgansizlar. Mana, rosa oʻynadilaring, kurash tuщdilaring. Albatta, andak charchab, qorinlaring ham ochqagandir. Ammo sizlarga u-bu olib yaberay desam, shu kunlarda oʻzim ham jilla kamxarjroq boʻlib turibman. Endi bir davra aylanib chiqinglar: yakkayu yagona umidimiz Xudodan — saxovatpeshalar, joʻmardlar bu shahri azimda koʻp deb eshitganmiz. Qani birodari azizlar, qoʻllaringni duoga koʻtaringlar! Marhamatini darigʻ tutgan, tutmaganni Alloh oʻz panohida saqlagan boʻlsin! Xudoi mehribonim farzand talablarga — farzand, toʻshakda mixlanib yotgan bemorlarga shifo ato etsin! Omin!»

Xoʻjayinning tanish ishorasidan keyin ar-ar loʻxtakning yelkasiga minib oldi. Safarali, odatdagidek, uning qoʻliga eski shlyapani tutqazdi va barabanda mungli kuy chalaboshladi. Bu ohang ogʻir togʻ yoʻllarini, hayot mashaqqatlarini yodga solardi. Pul qancha koʻp tushsa, ohang shunchalik avjiga chiqar, Safaralining hayajoni, xursandchiligi oshardi. Tomoshadan keyin esa, koʻp hollarda, Safarali saxiy boʻlib ketar: aka-ukani goʻsht, meva bilan siylardi, ammo shunisi noxushki, gohida oʻzi ham araq ichar, bundan ayiq polvonlarning dili behuzur boʻlardi. Bunisi ham mayli: shunday xushfeʼl xoʻjayin ichgandan keyin soʻrrayar, koʻzlarini jovdiratar, johillashib ketar, aka-ukaga doʻq urar, gohida zolimona qamchilab qolardi. Bir bor shundoqqina yoʻlakda choʻzala tushib yotib qoldi; choʻntagida esa ancha-muncha puli bor edi. Bir necha soatgacha mirshabu oʻgʻrivachchalardan qoʻriqlab turishga toʻgʻri kelgandi uni.

— Eh, yaxshi davrlar edi, — soʻzida davom etdi Safarali, — hamma bizni yaxshi koʻrardi: tomoshalar, bazmlar, toʻylarga taklif etadigan boʻlishdi. Sen tentaklarni hayvonot bogʻiga ham olib kirgandim… Lekin beodoblik qilib qoʻydilaring: hijolat chekdim.

Gap shundaki, oʻsha yili Samarqanddga koʻchma hayvonot bogʻi kelgandi. Uchchovlashib tomoshaga kirishdi. Qiziq boʻlgandi shunda. Bir qafasda urgʻochi ayiqni koʻrib, ikkalasi ham oʻsha tomonga tashlanishdi, xujayinni ham tortib ketishdi. Hali biror bor jinsiy ehtiroslarini qondirmagan navqiron yigitchalarni tushunish mumkin edi. Qafasdagi ayiq ham ajib bir moyillik ila bular tomon intildi — lahzalik boʻlsa hamki, shavqovar lazzatga tashna edi: ular labga-lab bosib, tashnaliklarini andak qondirgan boʻlishdi, ammo yaramas temir qafas bundan boshqasiga imkon bermadi.

Odatda hayot, ulashadigan arzimas shodliklari uchun juda koʻp haq talab qiladi. Ularning ham bu sarafroz kunlari ikki yildan oshmadi: nima boʻldiyu, ayiqlar kasallanib qolishdi — ishtahalari tushib, oriqlab ketishdi; kechalari nolish qiladigan boʻlishdi. Safarali juda tashvishga tushdi, nigohlari soʻnik, merov boʻlib qoldi. Axir, ar-ar bilan loʻxtakdan oʻzga hech kimi yoʻq edida bu boyaqish musofirning. Buning ustiga tirikchilik ham shu aka-ukalar tufayli. Xullas, ayro yashashni tasavvur qilib boʻlmasdi! Tomosha paytida bir rus qizi Safaraliga yaqinlashib, jonivorlar kasalanganini va vokzal tomonda ularni davolaydigan klinika borligini, oʻzi oʻsha yerda ishlashini aytdi, manzilgohni yozib berdi.

— Ar-ar, yodingdami u yerdagi oʻris qizlar jurʼatli, jonsoʻz, mehribon ekan: ikkalangni ham ogʻzingni chaqqon bogʻlashdi, haroratlaringni oʻlchashdi. Keyin tezaklaringni tekshirib koʻrish zarurligini taʼkidlashdi. Biz kechgacha oʻtirdik. Ovqat yemay qoʻyganlaring sabab qorinlaringni boʻshatishlaring ham qiyin kechdi. Nihoyat, qizlar axlatlaringni olib, zarrabinga qoʻyishdi va oʻksinib ketishdi: oʻpka, jigarlaringda qurt bor ekan. Ular dorilar berishdi, ammo pul olishmadi. Shularning sharofati sabab sen tirik qolding, akangni esa tuproqqa topshirdik. Yolgʻiz oʻzingni ergashtirib, maktablarga borardim — bolalarga turli tomoshalar koʻrsatib, rizq-roʻzimizni topardik. Ammo hayot kundan-kun dahshatli darajada zerikarli boʻlib borardi…

Safaralining gapi ilkisda uzilib qoldi: nariroqda, diliga hamisha gʻulgʻula solib kelgan, yelkasiga avtomat ilgan harbiy kishini koʻrib qolgandi. U soʻxtasi sovuq bir pas ajablanib turdiyu, soʻng oʻng qoʻli bilan “orqaga” deb ishora qila boshladi. Bu bagʻritosh qashshangning boʻyrugʻini bajarmaslik esa noxush oqibatlarga olib kelishini Safarali yaxshi bilardi. Ammo vatanga qaytish, jismu jonlarini oʻsha togʻu toshlar bagʻrida egasiga topshirish istagi bundanda kuchli edi. Shuning uchun daryo boʻylab emas, Baxmal togʻlari yonbagʻirlaridan oʻtib ketishni rejalashtirdi. U yerda ham harbiylar boʻlishi mumkin, oʻylardi Safarali, ammo tunda xarsangu butalar oralab, ularning nigohlarini shamgʻalat qilib ketsa boʻlar…

Ular Oyqor choʻqqisini moʻljallab yoʻlning tanobini tortishga kirishishdi. Safarali biror nomahramning eʼtiborini tortmaslik uchun, asosan tunda yoʻl bosishga qaror qilgandi. Shu tariqa qishloqlar, ekin maydonlari ortda qola boshladi. Tongda qir qoʻynida asalari qutilari koʻzga tashlandi. U ar-arning boʻyniga zanjir soldi, jonivorning asalga oʻchligini yaxshi bilardi: biror beboshlik qilib qoʻyishidan xavotir tortgandi. Bir necha qadam qolganda, tin olishdi. Asalarichi ham oʻsha non pishirayotgan ayolday saxovatpesha ekan: shogirdidan bir kosacha asal joʻnatdi. Safarali non bilan ikki bor yaladi, xolos; qolganini ayigʻiga berdi: u soʻnggi tomchisigacha yalagach, ular yengil tortishdi va toqqa tirmasha boshladilar.

— Mana shu ikki togʻdan oshsak, u yogʻi oʻzimizning yurt. Oʻsha choʻqqida yaramas harbiylar boʻlishi mumkin: undan tunda oʻtamiz, — dedi Safarali andak ishonch bilan.

Bu yerda qoʻy-echkilarning soʻqmoqlari moʻl edi va ularning aksari yonbagʻir boʻylab, balandlikka olib chiqardi. Ikkovlon ana shu yoʻlaklardan yuqoriga qarab yurishardi. Birinchi togʻdan oshib oʻtishganda tagʻin qorongʻulik choʻkdi. Bu — ayni muddao edi: asosiy dovondan birorta pashshaning ham eʼtiborini tortmay oʻtib ketsa boʻlardi. Ular oʻgʻrilardek, ovoz chiqarmay, sharpasiz yuqoriga chirmasha boshladilar.

Ikkovlon soʻnggi dovonga chiqishganda, tong boʻzara boshlagandi. Qarshilaridagi sarhadsiz pasttekislikni koʻrib entikib ketishdi: yoshlikda dillariga jo boʻlib qolgan tanish choʻqqilar, daralar — kindik qoni tomgan ona yurt bor boʻyoqlari, jozibalari bilan namoyon boʻlgandi. Dillari limmo-lim surur va shavqovarlikka toʻlib, bir necha daqiqa tin olishdi.

— Pastga enib olsak, kechgacha uyga yetamiz, — dedi Safarali allaqanday qoniqish, hayajon aralash. Uning hozirgi holati uzoq safardan qaytib, oʻzi tugʻilgan uyning eshigini ochmoqchi boʻlgan kishining shavqovar holatini eslatardi. Ar-ar buni his qilib oldinga intildi. Ular bir necha qadam bosishlari bilan…

Kutilmagan bu fojeani faqat kinochilargina bor haqiqati, boʻyoqlari bilan ishonarli namoyon qilishlari mumkin edi. Mening esa qalamim ojiz. Nogahoniy vulqonga oʻxshash kuch ularni yonbagʻirga uloqtirib yuborgandi, nimadir qattiq gumburlab, ularning faryodlarini bosib ketdi, xuddi chaqmoq chaqqandek, borliq bir lahza yorishdi.

Safarali qachon oʻziga kelganini bilmaydi. Avval koʻz oʻngida xira tuman qilt etmay turganday boʻldi, keyin u tiniqlashib yulduzli osmonga aylandi. Nima hodisa roʻy berganini, aniqrogʻi, oyoq ostidagi ajal alangasi junbushga kelganligini tasavvur ham qilolmay, madorsiz qoʻllari bilan atrofini paypasladi va qoʻli avval ar-arning sovuq vujudiga, keyin esa shilimshiq narsaga tegdi.

Ularing vujudlaridan oqayotgan qon bir joyda halqob boʻlayotganini anglashga esa quvvai hofizasi ojizlik qilardi.

Keyin jimlik choʻkdi.

Abadiy jimlik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?