Harbiylarga xonadon kalitlari topshirildi

17:42 14 Yanvar 2022 Jamiyat
217 0

Foto: Халқ сўзи

Termiz shahrida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun besh qavatli, 40 xonadondan iborat xizmat uylari foydalanishga topshirildi. Yangi xonadonlarni egalariga topshirishga bagʻishlangan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, faxriylar ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, yashash va xizmat vazifalarini oʻtash uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratishga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda. Zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan mazkur koʻp qavatli uyda ham zarur kommunikatsiya-muhandislik tarmoqlari mavjud boʻlib, bolalar maydonchasi va yozgi dam olish joylari barpo etilgan. Har bir xonadon keng va yorugʻ, mehmonxona, oshxona, bolalar xonasi zarur mebel va maishiy texnikalar bilan jihozlangan.

Shubhasizki, barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylar taqdimoti oʻz burchini sharaf bilan ado etayotgan harbiy xizmatchilarga munosib bayram tuhfasi boʻldi.

— Bugungi bayramni oilam bilan yangi xonadonda nishonlayotganimiz qoʻshaloq quvonch ulashmoqda, — deydi harbiy xizmatchi Ashurbek Roʻzimatov. — Biz, harbiylarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, oilaviy xotirjamligimizni taʼminlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan mamnunmiz.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?