Harbiylar Urganchda karantin hududidan qochmoqchi boʻlgan shaxsni toʻxtatishdi

17:32 20 May 2020 Jamiyat
454 0

Butun dunyo mamlakatlarini qattiq xavotirga solib, qisqa vaqt ichida minglab insonlarning umriga zomin boʻlayotgan COVID-19 pandemiyasi bilan kurashishda eng samarali va sinovdan oʻtgan usul – mamlakatda karantin tartibini joriy etish boʻlib qolmoqda. Oʻzbekistonda ham koronavirus aniqlangandanoq tezda karantin tartibi joriy etilishi pandemiyaning yurtimiz boʻylab tarqalishining oldini olmoqda.

Xorijiy mamlakatlardan charter reyslar bilan olib kelinayotgan vatandoshlarimizni va mamlakat aholisini oʻta xavfli kasallikdan himoyalash hamda salomatligini nazorat qilish maqsadida ehtiyot chorasi sifatida ularning alohida yopiq karantin hududlariga maʼlum muddatga joylashtirilayotgani ham kasallik tarqalmasligining samarali usuli ekanligi isbotlandi. Taʼkidlash joizki, yopiq karantin hududlarida kirib-chiqish nazoratini amalga oshirish va hudud xavfsizligini taʼminlash uchun Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari bilan birga kuch tuzilmalari vakillaridan iborat qorovullik xizmatlari joriy etilgan.

Afsuski, mamlakatimiz boʻylab “koʻrinmas dushman”ga qarshi olib borilayotgan saʼy-harakatlar, vatandoshlarimizning sogʻligʻini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim holatlarda yurtdoshlarimizning beparvoligi sabab karantin qoidalarini buzishga boʻlgan urinishlar uchrab turibdi.

Jumladan, shu yilning 18-may kuni soat 13.30 lar atrofida Urganch shahrida joylashgan Xorazm viloyati nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida ehtiyot chorasi sifatida tashkil etilgan yopiq karantin hududida saqlanayotgan, 1976-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan fuqaro I.R. markaz tashqari qismiga oʻralgan temir panjara oldiga yaqinlashishga uringan. Ushbu holatni payqagan Urganch garnizonidan tayinlangan sergak soqchi kichik serjant L.A. fuqaro I.R.ni ogʻzaki ogohlantirib, undan orqaga qaytishni soʻraydi va holat boʻyicha guruh kattasiga maʼlumot beradi. Oʻz navbatida guruh kattasi shu zahoti sodir boʻlgan voqea boʻyicha karantin shtabiga maʼlumotni yetkazadi. Ammo shu kunning oʻzida, soat 14.10 lar atrofida belgilangan tartib-qoidalarga hamda tushuntirish ishlariga amal qilmasdan fuqaro I.R. yopiq karantin hududidan chiqib ketish rejasini ikkinchi marta amalga oshirishga urinadi. Ushbu holatni yana oʻsha soqchi – kichik serjant L.A. sezib qoladi. U fuqaro I.R.ning qochishga urinayotganini payqab, uni ogʻzaki ogohlantirishga urinib koʻradi. Soqchining ogohlantirishiga qaramay, fuqaro I.R. temir panjaradan oshib oʻtishga urinadi. Natijada soqchi, maxsus yoʻriqnomaga asosan shaxsiy qurolidan osmonga qarata ogohlantiruvchi oʻq otishga majbur boʻladi. Shoshib qolgan fuqaro I.R. qorovul shaxsiy tarkibi tomonidan tezda qoʻlga olindi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Karantin qoidalarini buzganlik holati boʻyicha fuqaro I.R. karantin shtabiga topshirilib, unga nisbatan oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy bayonnoma tuzildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?