Harbiylar uchun bayram tuhfasi

21:52 28 Dekabr 2021 Jamiyat
512 0

Foto: «Халқ сўзи»

Yurtimizda Yangi yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda harbiylarga eʼtibor va ragʻbatning yana bir namunasi sifatida Fargʻona tumanining chegara hududida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun chegara qoʻriqlash vzvodi binosi hamda 26 xonadonga moʻljallangan xizmat uylari foydalanishga topshirildi.

Tantanali tadbirda Fargʻona viloyat hokimi, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori rahbari Xayrullo Bozorov ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini qoʻshaloq bayram bilan qutladi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida barcha sohada hayotbaxsh islohotlar olib borilayotganini ushbu majmua qurilishi misolida ham koʻrish mumkin, — dedi viloyat rahbari.— Bu yerda harbiylarimiz va ularning oila aʼzolari toʻkis hayot kechirishi, yurt chegaralarini ishonchli himoya qilishlari uchun mukammal sharoitlar muhayyo etildi.

Bir gektar maydondan iborat harbiy shaharchada oʻquv-jangovar mashgʻulotlar oʻtkazish, chegara nazorati binolari, sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, koʻp qavatli uy, xizmat itlari va otlarini saqlash joylari, issiqxona barpo etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari tarbiyalanishi uchun 30 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, oila bekalari uchun tikuvchilik sexi qurib bitkazildi.

2021-yilning aprel oyida zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida “Vodiy yuksak omad taʼmir” MCHJ bunyodkorlari tomonidan ushbu majmua qurilishiga kirishilib, ezgu maqsadni roʻyobga chiqarish uchun viloyat hokimligi byudjetidan 18 milliard 800 million soʻm mablagʻ ajratildi.

Tadbirda 26 nafar harbiy xizmatchiga yangi uylar kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?