Harbiylar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga mehru saxovat ulashdi

19:21 12 Avgust 2020 Jamiyat
239 0

Mehr-muruvvat, saxovat va birodarlik insonning ziynatidir. Xalqimizda muhtojlarga, boquvchisini yoʻqotganlarga, jismoniy zaiflikka ega boʻlganlarga mehr ulashish, ularga koʻmak berish va eʼtibor qaratish kabi olijanob fazilatlar bolalikdan tarbiyalanadi, bora-bora shakllantiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanida joylashgan 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar olish, ularning koʻnglini koʻtarish, imkon qadar moddiy va maʼnaviy koʻmak berishni odat qilgan harbiy xizmatchilarning bir guruhi bu safar ham xayrli tadbirni amalga oshirdi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan Mudofaa vazirligining Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlariga qarashli harbiy qism vakillarining tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbiri davomida Koronavirus pandemiyasining tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida oʻrnatilgan karantinda bolajonlar holidan xabar olinib, ularga sovgʻa-salomlar, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va shirinliklar ulashildi.

Taʼkidlash kerakki, Mehribonlik uyi 1922-yilda tashkil topgan boʻlib, 1988-yili yangi binoga koʻchirilgan. 2004-yili Mehribonlik uyi 140 ta tarbiyalanuvchiga moʻljallanib, qayta taʼmirdan chiqarildi. Hozirda muassasada bolalar tarbiyasi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, 80 oʻrinli oʻqish xonalari, oʻgʻil va qiz bolalarga alohida 140 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona, kutubxona, kompyuter xonasi, sport zal, sport maydonchalari, kichik futbol maydonchasi, yuvinish xonasi, basseyn, issiqxona, oʻyingohlar, trenajyor xonasi va boshqalar mavjud.

Mehribonlik uyida 18 ta har xil turdagi toʻgaraklar tashkil etilgan boʻlib, ulardan kompyuter savodxonligi, soz asboblari, xor, fartepiano, dutor, teatr, pazandachilik va shaxmat-shashka toʻgaraklari, futbol va kurash, basketbol sporti seksiyalari, raqs va yosh kitobxon toʻgaraklari va boshqalar faoliyat koʻrsatmoqda.

Muassasa tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan “Tong gʻunchalari” milliy folklor jamoasi va “Qars” musiqiy guruhlari turli nufuzli koʻrik-tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.

Bolajonlarning faunaga boʻlgan qiziqishlari inobatga olinib, harbiylar tomonidan ularga quyon va xonaki kaptarlar hamda hovli joyga moʻljallangan tebranma kursi sovgʻa qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?