Harbiy libosi oʻziga yarashgan farzandlarini koʻrib, ota-onalar faxrlanishdi — serjant Alijon Qoʻchqorov

18:34 12 Yanvar 2024 Jamiyat
324 0

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun armiyada oʻtgan har bir kun oʻqib-oʻrganish, chiniqish, mashgʻulotlarda toblanish nuqtai nazaridan foydali kechadi. Buni mudofaa vazirligiga qarashli Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi harbiy qismda yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar yaxshi bilishadi.

— Ayniqsa, yanvar oyi askarlar uchun esda qolarli boʻlmoqda, — deydi qism madaniyat markazi boshligʻi, serjant Alijon Qoʻchqorov. — Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32-yilligi munosabati bilan bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilyapti. Ana shunday tadbirlardan biri videomuloqot tarzida tashkil etildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat burchini oʻtayotgan askarlarning ota-onalari ishtirok etishdi. Videomuloqotda Asadbek Joʻrayev, Fozilbek Usmonov, Bobirmirzo Toʻxtayev singari askar yigitlar soʻz olib, armiya hayoti, bu yerdagi shart-sharoitlar haqida soʻzlab berdilar, el-yurt ishonchini oqlash uchun sidqidildan xizmat qilayotganliklarini aytib, ota-onalarini xursand qildilar.

Aytish kerakki, yurtimizdagi barcha harbiy qismlarda boʻlgani kabi ushbu maskanda ham 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami koʻtarinki kayfiyatda qarshi olinmoqda. Kuni kecha bu yerda Qorakoʻl, Olot va Jondor tumanlaridan taklif etilgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasida sportning shaxmat, shashka, kamondan oʻq otish, minifutbol, kurash turlari boʻyicha harbiy qism komandiri kubogi uchun musobaqalar ham tashkil etildi. Gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер