Har qanday tahdidlar shamolida tebranadigan olomon emasmiz

12:12 15 Yanvar 2022 Jamiyat
820 0

Oʻzbekiston yoshlarining baxti butun, tolei baland, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, ularning taqdiri, kelajagi haqida qaygʻurib, Vatanga sodiq, har tomonlama komil insonlar boʻlib yetishishlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yon-atrofimizda, ayrim qoʻshni davlatlarda boʻlayotgan turli koʻngilsizliklar, notinchliklarni koʻrib, bugungi osoyishta va farovon hayotimizga yana bir bor shukronalar aytib, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamda bunday ulugʻ ishga hissa qoʻshish naqadar oliy saodat ekanini anglab yetasan, kishi.

Mulohaza qilib koʻraylik, bir qarashda hammasi osondek, bu — tinchlik, farovonlik, inson qadri, xalq manfaatlari, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, gender tenglik, bolalar quvonchi, adolat tantanasi.... Bularning barchasi oʻz zamirida odilona siyosat, xalqparvar islohotlar, taraqqiyotni koʻzlagan muhim strategiya mujassam. 

Atrofimizdagi voqealar esa beparvolik, loqaydlik ogʻir musibatlarga duchor qilishi mumkinligini teranroq anglamoq darkor. Sababi, bugun biz hayotga endi kirib kelayotgan yoshlarimizning tafakkurida vatanparvarlik, onaday betaʼma seviladigan Vatanning barcha imkoniyatlaridan bahramand boʻlish barobarida, unga sadoqatli boʻlish, oʻz fuqarolik pozitsiyasiga egalik, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻularini uygʻotishga burchlimiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Qozogʻistondagi voqealarga munosabat bildirib, soʻnggi kunlarda biz uchun yaqin qoʻshni va qardosh boʻlgan Qozogʻiston Respublikasida sodir boʻlgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga solganini, qoʻshni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin oʻz iziga tushib, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar oʻz faoliyatini qayta tiklayotganini, odamlar osoyishta hayotga qaytayotganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, ushbu yigʻilishda davlatimiz rahbari ayrim davlat rahbarlarining soʻzlariga ham munosabat bildirib oʻtdi. Jumladan, baʼzi davlat rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berilganini qayd etib, “Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka boʻlgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz”, dedi Prezidentimiz.

Bular haqda gap ketganda, shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning tashqi siyosati/mudofaa doktrinasida uchta asosiy prinsip mavjud boʻlib, birinchisi, Oʻzbekiston hududida boshqa davlat harbiy bazasi boʻlmaydi, ikkinchisi, Oʻzbekiston harbiy bloklarga qoʻshilmaydi va uchinchisi, Oʻzbekiston askari mamlakat hududidan tashqarida hech qachon qadam bosmaydi.

Mana shu muhim prinsiplar mamlakatimizning qatʼiy pozitsiyasini yaqqol namoyon etadi.

Darvoqe, Prezidentimiz faoliyatining dastlabki yillaridanoq mamlakat xavfsizligi hamda tinchligi, yaqin va uzoq davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini tiklash, rivojlantirish borasida muhim hujjatlar qabul qilinishiga alohida eʼtibor qaratdi. Yuqorida aytganimdek, bu borada Mudofaa doktrinasi bu qonunlar uchun mustahkam qoʻrgʻon boʻldi.

Takror aytishim mumkinki, davlatimiz rahbarining mazkur masalada bildirgan munosabati esa xalqimizga yanada kuch, ishonch va dalda berdi. Haqiqatan ham, Oʻzbekiston har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish uchun yetarli kuch va salohiyatga ega. Bundan biz faxrlanamiz. Mustahkam poydevor asoslariga barpo etilgan oʻttiz yillik davlatimiz bugun oʻz qudrati, xalqaro hamjamiyat orasida oʻz oʻrni va oʻz soʻziga ega. Xalqimiz esa har qanday tahdidlar shamolida tebranadigan olomon emas.

Ishonch bilan ayta olamizki, Yangi Oʻzbekiston xalqi Vatanga daxldorlik hissini teran anglab yashayapti. Yoshlarimiz esa, jahonda sodir boʻlayotgan har qanday voqeliklarga sogʻlom va oqil fikr bilan munosabat bildirishga qodirdir.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?