Har qanday muammoni oqilona hal qilish uchun, avvalo, hamjihatlik, bilim, aql-zakovat va yangicha dunyoqarash zarur

17:20 31 Avgust 2020 Jamiyat
512 0

Yurtimiz bayramlari orasida ezgu maqsad va yuksak gʻoyalarimizning ifodasi boʻlgan Mustaqillik bayramini koʻtarinki ruhda nishonlash xalqimizning yuksak qadriyatiga aylandi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, keyingi yillarda pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yana-da yaxshilash, boʻlajak oʻqituvchilarni zamonaviy bilim olishlari uchun munosib sharoit yaratish hukumatimizning doimiy diqqat eʼtiboridagi dolzarb masalaga aylandi.

Bugun shuni quvonch bilan aytamizki, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini taʼminlash asosida Oʻzbekistonning yangi, demokratik qiyofasini yaratish yoʻlida boshlangan islohotlar samarali natijalar bermoqda.

Jamoamiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida “Sen qudrat manbai, saodat maskani – jonajon Oʻzbekistonim! - degan shoir ostida istiqlolimizning 29 yilligini munosib nishonlashga jiddiy tayyorgarlik koʻrdi. Oʻquv jarayoniga masofaviy taʼlimning zamonaviy usullarini joriy qilish, fanlar boʻyicha oʻquv adabiyotlarni platformaga toʻliq joylashtirish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, yosh olimlar va iqtidorli talabalardan iborat ilmiy jamoalarning “startup” – loyihalarini ishlab chiqish, professor-oʻqituvchilarning Scopus va Web of Science xalqaro bazalarida ilmiy maqolalarini joylashtirish, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha tegishli vazifalar belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi hukumati hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan institutimizning har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi natijasida institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qurilish-bunyodkorlik ishlarini rivojlantirish, mavjud binolardan samarali foydalanish hamda qoʻshimcha oʻquv-amaliyot bazalarini yaratish ishlariga jadallik bilan kirishildi. Jumladan, joriy oʻquv yilida 50 oʻringa moʻljallangan Maktabgacha taʼlim tashkilotining zamonaviy “Bogʻcha-laboratoriya” muassasasini qurish, Axborot resurs markazi filiali binosini qayta taʼmirlash va jihozlash, talabalar uchun “Pedagogik-psixologik Markaz”, 450 kv.metr hajmda “Geografik oʻquv maydoncha”, 750 kv.metr hajmda esa «Bio-ekologik oʻquv maydoncha»ning qurilishi, «Amaliy matematika va informatika tadqiqot Markazi» hamda Oʻquv ustaxonasini zamonaviy Texnoparkka aylantirilishi, Davlat investitsiya dasturi doirasida 1500 oʻringa moʻljallangan oʻquv va 400 oʻrinli talabalar turar joyi binosida qurilish va jihozlash ishlarini yakunlash bunyodkorlik sohasidagi faoliyatimizning asosiy yoʻnalishi boʻladi.

Maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy sohada amalga oshiriladigan ishlar faoliyatimizning asosiy mezoni hisoblanadi. Bu borada taʼlim bilan tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, bu jarayonni maqsadli va manzilli tashkil qilish, ustoz-shogird tizimi asosida axloqiy muhit barqarorligiga erishish, hamjihatlik, yagona maqsad yoʻlida birlashish, 5 muhim tashabbus orqali talabalarning isteʼdodini roʻyobga chiqarish, ularni ijtimoiy himoyalash va moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish kabi muhim masalalar belgilangan.

Pedagogik taʼlimni rivojlantirish va bu sohada malakali kadrlarni tayyorlash hayotimizning eng oʻtkir, eng dolzarb va eng sharafli ishi boʻlsagina koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz. Har qanday muammoni oqilona hal qilish uchun, avvalo, hamjihatlik, bilim, aql-zakovat va yangicha dunyoqarash zarur boʻladi. Shundagina “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan muhim gʻoyani faoliyatimiz bilan isbotlagan boʻlamiz.

Barchangizni Eng ulugʻ, eng aziz bayram bilan samimiy qutlaymiz!

Gʻofirjon Muhamedov,
Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?