“Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi ijrosi doirasida Andijonda 867 ta, Samarqandda 790 ta, Toshkentda 708 ta va Fargʻonada 700 ta futbol maydonchasi qurilmagan

19:12 07 Avgust 2020 Jamiyat
428 0

Parlament yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi uch yilda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish boʻyicha islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, 2025-yilgacha jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali, Belorussiya davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti faoliyat boshlagan.

Qolaversa, 2019-yilda Investitsiya dasturiga muvofiq 244,2 mlrd. soʻm hisobiga 69 ta sport obyekti qurilgan. Olis va chekka qishloqlarda jami 421 ta yengil konstruksiyali kichik sport zallari va sunʼiy qoplamali sport inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilgan.

2019-yilda oilalar oʻrtasida jami 53 mingdan ortiq ommaviy sport musobaqalari oʻtkazilib, ularga 4,2 mln. nafardan ziyod fuqarolar jalb qilingan.

Majlisda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sohada qator muammolar ham mavjudligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, hududlarda yaratilgan sport inshootlari aholining ehtiyojlarini toʻliq qondira olmayapti.

Respublikada mavjud jami 51 583 ta sport inshootining 87 foizi tumanlarda va 13 foizi shaharlarda joylashgan. Ular jami 1,3 mln. oʻringa ega boʻlib, mamlakat aholisining faqatgina 4 foizini qamrab olmoqda.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda Respublika boʻyicha qoʻshimcha 421 ta sport inshootiga ehtiyoj mavjud. Ushbu ehtiyojlar asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida basketbol maydonchalarini qurish uchun 96 foiz (194 ta) shahar va tumanda yer maydoni ajratilmagan. Sport inshootlarini pasportlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmagani oqibatida Respublikada mavjud 51 583 ta sport inshootining 46 foizi (4 867 ta) pasportlashtirilmagan.

Shuningdek, umumtaʼlim maktablarini sport zallari bilan taʼminlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi jami 9 942 ta umumtaʼlim maktabining 24 foizida (2 359 ta) sport zallari mavjud emas.

Respublikada 3,8 mln.dan ziyod bandligi taʼminlanmagan yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish uchun 248,5 mingdan ortiq tadbir oʻtkazilishiga qaramay, bunday tadbirlarga ularning atigi 10 foizigina qamrab olingan.

Shuningdek, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi YUNISEF bilan hamkorlikda “Yu-report” ijtimoiy raqamli platformasida yurtimizdagi sport inshootlarining bugungi holati va faoliyati yuzasidan oʻtkazgan soʻrovnoma natijalari ham sohada bir qator muammolar mavjudligini yaqqol koʻrsatdi.

Sakkiz mingga yaqin ishtirokchi qamrab olingan soʻrovnoma natijalariga koʻra, yoshlarning 49 foizi jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanmaydi, 20 foizi sportning biror-bir turi bilan qamrab olinmagan. 19 foiz ishtirokchilar uchun sport toʻgaraklarining narxi qimmat. 64 foiz yoshlar sport inshootlariga transport orqali borishga yoki uzoq vaqt piyoda yurishga toʻgʻri kelishi noqulaylik tugʻdirayotganini bildirgan. 64 foiz yoshlar oʻz mahallalarida sport inshootlari yoʻqligini va sport musobaqalari yetarlicha tashkil etilmayotganini qayd etgan. Bu borada, ayniqsa, Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlarida ahvol qoniqarsiz ekanligi maʼlum qilingan.

Ayniqsa, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi ijrosi qariyb 6 mingta mahallada taʼminlanmagan. Masalan, Andijon viloyatida 867 ta, Samarqand viloyatida 790 ta, Toshkent viloyatida 708 ta hamda Fargʻona viloyatida 700 ta futbol maydonchasi qurilmagan.

Bundan tashqari, jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, sport maktablarini malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan taʼminlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish haqida qaror qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?