Har bir yoʻlovchiga – bir kitob

19:58 19 Aprel 2022 Jamiyat
467 0

Foto: Халқ сўзи

Yurtimizni qamrab olgan II Respublika kitobxonlik haftaligi Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasida ham bayramona kayfiyatda boshlandi. Kecha kun davomida bu yerda maktab oʻquvchilari, oliy oʻquv yurti talabalari va keng jamoatchilik uchun kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni, “Kitobsevar millat”, “Kitob – maʼrifat mayogʻi” mavzularida koʻrgazmalar tashkil qilindi. Tadbirlarga tashrif buyurganlar orasida boshlangʻich sinf oʻquvchilaridan tortib moʻysafid otaxonlargacha bor.

Kitob mutolaasi Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabasi, ikkinchi guruh nogironi Shahnoza Mamasoliyevaning eng sevimli mashgʻuloti. Kursdosh yigitlar uni maxsus aravachasida kutubxonaga olib kelishdi.

— Mana bayram, mana zavqli manzaralar, kitobga oshufta koʻngillar naqadar koʻpligini aytmaysizmi?! — deydi Shahnoza. — Bu yerga birinchi bor kelishim. Tanlovning koʻpligidan hayratga tushdim. Endi boʻsh vaqtlarimni shu yerda oʻtkazaman.

Bugun Davlatobodning markaziy koʻchalarida “Har bir yoʻlovchiga kitob ulashamiz, har bir fuqaroni kutubxonaga chorlaymiz” shiori ostida koʻrgazmasi tashkil qilindi. Ayniqsa, shahar koʻchalari tozaligini taʼminlayotgan, har qadamni gullarga burkayotgan obodonlashtirish xizmati xodimlarining xursandligini koʻrsangiz edi. Hammalari uyga oʻzi tanlagan kitob bilan qaytadigan boʻldi.

Elga ziyo tarqatishga bagʻishlangan haftalik tadbirlari viloyatning barcha tumanlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?