«Har bir yoʻl-transport hodisasida oʻzimni aybdor his qilaman» — Fargʻona viloyati IIB boshligʻi

17:51 23 Iyun 2021 Jamiyat
634 0

Fargʻonada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Doniyor Toshxoʻjayev jurnalistlar va blogerlar ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida viloyatda yoʻl-transport hodisalarining koʻpligi boʻyicha berilgan savollarga javob qaytardi, deb xabar berdi OʻzA.

«Viloyatimizda oʻlim bilan yakunlangan yoʻl-transport hodisalarining koʻpligi meni eng koʻp bezovta qiladigan masala. Tahlillardan koʻrinadiki, hatto koronavirusdan ham koʻra bu borada koʻp odam vafot etyapti. Bir raqamga eʼtibor qaratmoqchiman. 2021-yilning oʻtgan davri mobaynida 23 ta qotillik jinoyati sodir boʻlgan. Uning bittasi xodimlarimiz tomonidan aniqlanib, mudhish voqeaning oldini olishga erishildi. Afsuski, sodir etilgan YTHlarda esa 108 kishi hayotdan koʻz yumgan. Bu juda ham ayanchli. Biz yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida koʻplab ishlarni olib bormoqdamiz. Foto va videofiksatsiya vositalari ishlayapti, hatto dronlarni ham uchirdik. Ammo bu borada hali qilinadigan ishlarimiz koʻp. Avvalo, haydovchilar, aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirishimiz kerak», deydi Toshxoʻjayev.

Shuningdek, Fargʻona viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi “Har bir yoʻl-transport hodisasida oʻzimni aybdor his qilaman”, deya qoʻshimcha qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?