Har bir islohotda oʻqituvchilar koʻz oldimda boʻladi — Shavkat Mirziyoyev

13:41 24 Fevral 2023 Siyosat
744 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimizning ijtimoiy siyosati har bir mahallaga kirib borish va aholi talabini manzilli hal etishga qaratilgan. Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida ham infratuzilma izchil rivojlantirilmoqda. 2021-yilda tashkil topgan mahalla boʻlgani bois bu yerda maktab yoʻq edi. 500 dan ortiq oʻgʻil-qiz 10 kilometr masofadagi maktabga qatnardi.

Yaqinda bu yerda yangi maktab qurib bitkazildi. Prezidentimiz mahallaga tashrifi chogʻida uni kirib koʻrdi.

Maktab 660 oʻrinli. Oʻttizdan ortiq sinfxonalar, kutubxona, faollar zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonasi va kasbga yoʻnaltirish xonalari mavjud. Ochiq va yopiq sport maydonchalari, yoʻl harakati xavfsizligi yoʻlaklari tashkil etilgan.

Maʼlumki, mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunarga oʻrgatish maktab taʼlimidagi asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Yangi maktabda ham bunga sharoit yaratilgan. Maxsus jihozlangan xonalarda oʻquvchilar tikuvchilik, zargarlik, pazandachilik, sartaroshlik, elektrsozlik, kompyuter va mobil telefonlarga xizmat koʻrsatish, robototexnika boʻyicha kasb sirlarini oʻrganadi.

Davlatimiz rahbari oʻquvchilar bilan muloqotda boʻldi.

- Shunday sharoit yaratyapmizki, oʻquvchilar maktabdan chet tillarini va hunar oʻrganib chiqadi. 11-sinf hayot yoʻli sinfi boʻladi. Agar har bir yosh shunday oʻqib, jamiyatda oʻz oʻrnini topsa, Oʻzbekistonimizga mustahkam zamin boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda qashqadaryolik oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi.

- Har bir islohotda, qaror qabul qilishda oʻqituvchilar koʻz oldimda boʻladi, - dedi davlat rahbari. - Sir emas, ilgari bolalar uch oylab paxtaga chiqarilardi. Birgina Qashqadaryoda 155 ming oʻquvchi oʻrni yetishmasdi. Buning uchun viloyatga 1 trillion mablagʻ ajratildi. 215 ta maktab qurildi. Bugun Qashqadaryo maktablar soni boʻyicha respublikada birinchi oʻrinda. Oʻqituvchilarning oylik maoshlari ham oshirildi. Albatta, bularni yana davom ettiramiz. Lekin asosiysi - sifat boʻlishi kerak. Bu avvalo oʻqituvchilarning bilimiga, dunyoqarashiga, fidoyiligiga bogʻliq.

Uchrashuvda pedagoglar oʻz faoliyati haqida soʻzlab, fikr va takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер