Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyati yaratiladi — Shavkat Mirziyoyev

12:00 09 Sentyabr 2021 Siyosat
316 0

OʻzLiDeP syezdida Shavkat Mirziyoyev 2026-yil yakunigacha kambagʻallikni kamida 2 barobar qisqartirish uchun qilinishi lozim boʻlgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

— Tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish boʻyicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

2020-yilda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Endi, zarur tayyorgarlik ishlarini koʻrgan holda 2023-yildan boshlab ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz.

Kelgusi yili korxonalarning mol-mulk soligʻi stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi.

Yana bir yangilik – 2023-yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona koʻchmas mulk soligʻi joriy qilinadi.

Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi har xil boʻlib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil boʻladi.

Tuman va shaharlardagi mavjud bir nechta tadbirkorlikka koʻmaklashadigan tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.

— Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyati yaratiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Kasbiy taʼlim bilan tizimli shugʻullanish masalalar, toʻliq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga oʻtkaziladi.

Kelgusi besh yilda norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaro bandligini legallashtirishga yordam beriladi. Shu orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan toʻliq foydalanishiga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, hududlarda servis sohalari koʻlamini kengaytirish orqali xizmat koʻrsatish hajmi 3 barobarga oshiriladi va buning evaziga 3,5 millionta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi kelgusi besh yilda 2 barobarga kamaytiriladi. Shuningdek, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitiladi va ularning xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?