Haqiqatni mardlar yuzaga chiqaradi — Namangandagi deputat bilan bogʻliq voqea yuzasidan yana bir munosabat

16:50 20 Aprel 2020 Siyosat
1139 0

Butun insoniyat boshiga tushgan sinovli kunlarda xotirjamlikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Hozir xizmat vazifasi yuzasidan ishlayotganlarga ham, karantin qoidalariga boʻysunib uyda oʻtirganlarga ham oson emas.

Lekin har qanday holatda ham vazmin boʻlishimiz, qonunlarga rioya etishimiz, qaysi sohada ishlashimizdan qatʼiy nazar, avvalo, bir-birimizni inson sifatida hurmat qilishimiz zarur.

Internet, kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani sari axborot berish imkoniyatlari ham oshib boryapti. Hozir koʻpchilikda, deyarli barcha tashkilotlarda jamoatchilikka mustaqil axborot tarqatish imkoni bor. Bu yaxshi, faqat imkoniyatdan toʻgʻri, qonunga boʻysungan holda, xolislikni saqlagan holda, foydalanish talab etiladi.

Namangan shahar Kengashi deputati bilan bogʻliq munozarali voqea keng muhokamalarga sabab boʻldi, bu boʻyicha turli fikrlar bildirilyapti. Avvalo, aytish kerakki, bu kabi tortishuvli holatlar mamlakatimizda demokratik jarayonlar tabiiy rivojlanish bosqichiga chiqayotganini koʻrsatmoqda. 5-6 yil avval shunday holatlar yuzaga kelganda, haqiqat yuzaga chiqishi juda qiyin boʻlardi. Ammo hozir yurtimizda vaziyat umuman boshqacha, qonun ustuvorligi taʼminlanishini istovchi va qatʼiy harakat qiluvchi bir nechta institutlar bor. Hozir har qanday axborot shu institutlar, keng jamoatchilik tomonidan qattiq chigʻiriqdan, chuqur tahlildan oʻtkazilyapti. Kim haq, kim nohaq, kim xolis, kim noxolis tez orada yuzaga chiqishiga umid qilamiz.

Ayrim ommaviy axborot vositalari oʻsha voqea bayonida IIV tomonidan aybdor sifatida ilgari surilayotgan fuqaroga, deputatga nisbatan noxolislik qildi, deb oʻylayman. OAV munozarali holatda bir paytning oʻzida ikkinchi tomonning fikrini berishi, buning imkoni boʻlmasa, uning shaʼnini hurmat qilgan holda, axborot tarqatishi kerak. Aksariyat OAV bunga rioya qilayotganini ham aytishim zarur. Noxolis, shunchaki shov-shuvni yaxshi koʻradigan OAV esa kuzatuvchilari, yaʼni jamoatchilik ishonchini yoʻqotib qoʻyishi mumkinligini ham unutmasligi lozim. Jamoatchilik quvvatlamagan OAV esa kuchini yoʻqotib boraveradi.

Karantin qoidalariga amal qilmaganlar javobgarlikka tortilishi kerak. Ammo huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni javobgar qilishda uning vazifasiga qayta-qayta urgʻu berish ham insoniy jihatdan, ham qonun jihatdan notoʻgʻridir.

Hech kim sud qarori chiqmasidan, bir insonning shaʼni, qadr-qimmatiga daxl qilib, uni aybdor sifatida butun jamoatchilikka koʻrsatishga haqli emas.

Munozarali holat boʻyicha hech qaysi tomonni oqlamoqchi emasman, kim aybdor boʻlsa, unga qonunga muvofiq chora koʻrilsin.

Shu bilan birga, baʼzi masalalarni eslatib oʻtmoqchiman.

“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasida deputatning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi belgilangan.

Deputatning shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq maʼmuriy, jinoiy yoki oʻzga tarzda javobgar boʻladi. Deputatni haqorat qilish, shuningdek, unga nisbatan tuhmat qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

Namangan shahar Kengashining munozarali holat boʻyicha chiqargan qaroridan keyin masalaning bu tomonini ham esdan chiqarmaslik kerak.

“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, Xalq deputatlari Kengashlari tegishli prokurorlar, Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qaror qabul qilish vakolatiga ega. Aminmizki, bu tartib-qoidalardan koʻpchilik xabardor.

Deputatlarni yoppasiga yomon otliq qilishni istovchilar vakillik hokimiyatining davlat hokimiyati tizimida mavqei qandayligi haqida yaxshiroq tasavvurga ega boʻlishi zarur.

Ichki ishlar tizimida ming-minglab fidoyi, jasur, qoʻrqmas aka-ukalarimiz ishlaydi. Sinovli kunlardagi faoliyati uchun ularga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Namangan shahrida roʻy bergan munozarali holatda qatnashgan, guvoh boʻlgan ichki ishlar xodimlari ham mard, haqgoʻy, yuksak insoniy fazilatlarga ega aka-ukalarimizdan, deb ishonaman. Ular oʻzlarini koʻrsatib, oʻsha kungi voqea tafsilotlarini toʻliq ochishga kuch topadi, IIV bunga sharoit yaratadi, deb umid qilaman.

Toki, haqiqat yuzaga chiqib, aybdor(lar) jazosini olsin, qolganlar xulosa qilsin. 

Oybarchin Abdullayeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?