Hamma viloyat, shahar va tumanlarda sayyohlar boradigan joylarni koʻpaytirish kerakligi qayd etildi

18:09 19 Sentyabr 2022 Siyosat
411 0

Foto: president.uz

Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi. 

Hamma viloyat, shahar va tumanlarda sayyohlar boradigan joylarni koʻpaytirish kerakligi qayd etildi.

“Har bir hokim oʻziga shunday savolni bersin: «mening viloyatim, shahar va tumanimga sayyohlar qayerga va nimani koʻrishga keladi?” Qaysi hokim shu savolga toʻgʻri javob topib, turizm dasturlarini qilsa, albatta oʻzgarish boʻladi», dedi Prezident.

Har bir viloyat hokimiga ichki va chetdan turist jalb qilish boʻyicha oʻzining “turistik halqasi”ni tashkil etish boʻyicha loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Eng yaxshi loyihalarga tanlov asosida 20 million dollargacha kredit ajratiladi.

Markaziy bankka 1 trillion soʻmlik kredit resurslarini ajratish, yil yakuniga qadar yana qoʻshimcha 100 million dollar xorijiy kredit liniyalari jalb qilish topshirigʻi berilgan boʻlsada, bu mablagʻlar hali tadbirkorlarga yetib bormagani tanqid qilindi.

Agar 1 trillion soʻm mablagʻlar tijorat banklariga joylashtirilmasa, Markaziy bank rahbariyatiga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi taʼkidlandi.

1-noyabrgacha turizm xizmatlari uchun 100 million dollarlik kredit liniyasini ochish, yil yakuniga qadar kelgusi yil uchun yana qoʻshimcha 100 million dollar jalb qilish topshirildi.

Shuningdek, mutasaddilarga:

— barcha suv omborlari, oʻrmon xoʻjaligi yerlarini oʻrganib, ularda turistik zonalar tashkil etish boʻyicha dastur ishlab chiqish;

— bojxona-chegara punktlaridan tezkor oʻtkazish xizmatini yoʻlga qoʻyish, turistik axborot markazlarini ishga tushirish boʻyicha taklif kiritish;

Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazmning choʻl hududlarida “safari” turizmini rivojlantirish maqsadida yoʻl tanlamas transportlar uchun import toʻlovlarini tushirish taklifini kiritish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?