MDH PA Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat Raisi ishtirok etdi

20:56 27 Noyabr 2020 Siyosat
327 0

2020-yil 27-noyabr kuni videokonferensaloqa shaklida MDH PA Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda MDH PA Kengashi Raisi, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi V.Matviyenko, JSSTning Yevropa boʻyicha mintaqaviy direktori X.Klyuge, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati Raisi M.Myasnikovich, MDH PA komissiyalari vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

MDH PA Kengashi majlisi ishtirokchilari MDH mamlakatlarida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha choralarni huquqiy taʼminlash masalasini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva majlisda soʻz chiqib, pandemiyaga qarshi kurashishning hozirgi davrida barcha mamlakatlar oldida hal etish lozim boʻlgan qator vazifalar turganligini taʼkidladi.
Jumladan, Oʻzbekistonda Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida ijtimoiy himoya va sogʻliqni saqlashni kuchaytirishga, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlariga va biznesga manzilli yordam koʻrsatishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Bosh vazir boshchiligida Koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi va faoliyat koʻrsatmoqda, Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etildi, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida xayriya loyihasi boshlandi.
Bundan tashqari, xalqaro maydondagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev BMT shafeligida “Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi”ni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Yaqinda boʻlib oʻtgan SHHT sammiti paytida Prezidentimiz epidemiyalar keltirib chiqaradigan kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini tashkil etishni, shuningdek, teletibbiyot sohasida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.
Parlament yuqori palatasi rahbari T. Narbayeva soʻzga chiqib, ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda MDHga aʼzo davlatlar parlamentlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishdan manfaatdorligini taʼkidladi.

Tadbirda Yevroosiyo makonida iqtisodiy integratsiyaning holati va istiqbollari va uni normativ-huquqiy taʼminlash, 2021-yilda MDH mamlakatlari davlat hokimiyati organlariga saylovlarni kuzatish uchun tayyorgarlik koʻrish, MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi va Yevropa kengashi parlament assambleyasi hamkorligi masalalari, shuningdek boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?