Habib Nurmagomedov sportdan tashqari hobbisi, oʻzbekistonlik sportchilardan kimlarni kuzatishi haqidagi savollarga javob berdi

23:33 01 Dekabr 2020 Jamiyat
744 0

 

Avvalroq yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedov Toshkentga yetib kelgani haqida xabar bergan edik.

UFC boʻyicha mutlaq jahon chempioni Habib Nurmagomedov shu kunlarda Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Bugun rossiyalik taniqli sportchi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. U dastlab MOQ muzeyini tomosha qilib, oʻzbek sportining shonli tarixi bilan yaqindan tanishdi va faxriy mehmonlar kitobiga oʻz tilaklarini yozib qoldirdi. 

Shundan soʻng matbuot anjumanining jurnalistlar ishtirokidagi savol-javob qismiga oʻtildi. Unda OAV xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Bu haqda MOQ veb-sayti maʼlum qildi.

– Oʻzbekistonlik sportchilarga yirik janglar oldidan toʻgʻri tayyorgarlik koʻrish borasida qanday maslahat bergan boʻlardingiz?

– Aralash jang sanʼatida boʻlajak bahsga tayyorgarlik koʻrishdagi eng yaxshi yoʻl – sparring janglarini toʻgʻri tashkil qilish. Bunda sparring raqibni toʻgʻri tanlash katta ahamiyatga ega. Shuningdek, oʻzini boshqara olish ham muhim ahamiyatga ega. Katta janglar oldidan OAV va boshqa tomonlardan tashqi bosim boʻladi. Bunda toʻgʻri yoʻl tanlay olish oʻta muhim.

– MMAni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish boʻyicha ushbu tashkilot oilasi qanday ish olib boryapti?

– Albatta, aralash jang sanʼatining Olimpiya oʻyinlariga kiritilishini ushbu sport vakillarining aksariyat qismi qoʻllab-quvvatlaydi. Parij-2024 uchun kech qolgan boʻlishimiz mumkin. Biroq 2028-yil Los-Anjelesda oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirish uchun harakat bor.

– Oʻzbekistonlik sportchilar uchun xorijlik mutaxassislar bilan yigʻinlar tashkil qilish va tajriba almashish qanchalik foyda beradi?

– Xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlash hamisha oʻz samarasini bergan. Oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari ham yuqori saviyada tashkil qilinsa, albatta, oʻz natijasini koʻrsatadi. Zalimiz oʻzbekistonlik sportchilar uchun doimo ochiq. Hozir ham bir qator hamyurtlaringiz u yerda oʻz tajribalarini orttirib kelishmoqda.

– Sportdan tashqari qanday xobbingiz bor?

– Koʻpchilik qatori futbolni alohida kuzatib boraman va qiziqarli oʻyinlarini oʻtkazib yubormaslikka harakat qilaman. Shuningdek, yana bir qator shaxsiy qiziqishlarim bor.

– Jangovar sambo boʻyicha ikki karra jahon chempioni hisoblanasiz. Ushbu sport turi bilan shugʻullanadigan atletlar uchun qanday maslahat berasiz?

– Jangovar sambo aralash jang sanʼatiga eng yaqin sport hisoblanadi. Oʻzim misolimda aytadigan boʻlsam, ushbu sport MMAga oʻtishimga tramplin vazifasini oʻtab bergan. Bizning Dogʻistondan bu yil ikki nafar sambochi jahon chempioni boʻldi. Avvalo, har qanday holatda ham kuchli raqiblar bilan mashgʻulot oʻtash katta foyda beradi. Fursatdan foydalanib, sizlarni ham Dogʻistonga taklif qilamiz.

– Oʻzbekistonlik sportchilardan kimlarni kuzatib borasiz?

– Oxirgi Olimpiada va jahon chempionatlarida bokschilaringiz ishtirokini alohida kuzatib bordim. Yekaterinburgdagi JCHda Bahodir Jalolov, Olimpiadada yengil vazndagi yigitlaringiz ishtiroki yoqqan. Umuman, Oʻzbekistonda koʻplab yaxshi sportchilar bor. Sportchi uchun qulay sharoit yaratib berilsa, yangi nomlar chiqib kelaveradi. Oʻylaymanki, bu borada mamlakatingizda yaxshigina imkoniyatlar bor. Yaqin kelajakda yana-da nomdor sportchilar yetishib chiqishiga ishonaman.

Tadbir yakunida Habib Nurmagomedov oʻzbekistonlik sportchi va mutaxassislar bilan hamkorlikka doimo tayyorligini bildirib, atletlarimizga omad va zafarlar tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?