Gulnora Saidova: “Qilichbozlarimiz kelgusi Olimpiada oʻyinlarida medallar uchun kurashadi”

23:26 28 Aprel 2021 Sport
1092 0

Bugun Turizm va sport vazirligida Tokio-2020 yozgi Olimpiada oʻyinlari litsenziantlari taqdirlanishganidan soʻng, qilichbozlik boʻyicha Olimpiada yoʻllanmalarini qoʻlga kiritgan sportchilar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, terma jamoa murabbiylari Vladimir Nazlimov hamda Ruslan Kudayev, Tokio-2020 litsenziantlari Malika Hakimova, Sherzod Mamutov va Zaynab Dayibekova, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, qilichbozlik boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida terma jamoamiz shu paytgacha faqat 3-marta, yaʼni Atlanta-96, Sidney-2000 va London-2012 Olimpiadalarida atigi bir nafar sportchi bilan ishtirok etgan.

Tokio-2020 uchun esa bir yoʻla 3 nafar sportchimiz Olimpiada litsenziyasiga ega boʻlishdi. Xolbuki, ushbu Olimpiada sikli oldidan terma jamoamiz oldiga ikkita yoʻllanma qoʻlga kiritish vazifasi qoʻyilgan edi. Demak, vazifa ortigʻi bilan uddalandi.

Anjuman avvalida Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi G.Saidova oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

«Tokio olimpiadasi aslida oʻtgan yili oʻtkazilishi kerak edi. Ushbu nufuzli musobaqaning bir yilga kechiktirilishi bizning foydamizga ishladi, desak xato qilmaymiz. Chunki, terma jamoamiz yana-da puxta tayyorgarlik koʻrishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, bizni quvontirgan jihat, mazkur Olimpiya oʻyinlariga sportchimiz toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo-Okeaniya litsenzion saralash turnirida gʻolib chiqib, Olimpiada yoʻllanmalarini qoʻlga kiritgan sportchilarimiz juda yosh va ularni oldinda yorqin kelajak kutib turibdi, deyishga haqlimiz. Bu safargi Olimpiya oʻyinlarida 3 nafar sportchi bilan qatnashish bizga cheksiz quvonch ulashayotgan boʻlsa, keyingi Olimpiada musobaqalarida biz medallar uchun kurashishni maqsad qilib qoʻyganmiz».

Shuningdek, anjumanda qilichbozlik sporti afsonasi, 3 karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Vladimir Nazlimov Tokio Olimpiadasiga qanday tayyorgarlik koʻrilishi haqida toʻxtalib oʻtdi:

«Olimpiada oʻyinlarigacha oldimizda hech qanday musobaqa qolmadi. Shu bois tayyorgarlikni oʻzimizda olib borsak kerak. Bunday nufuzli musobaqalarga siz uchun qayer qulay boʻlsa, oʻsha yerda hozirlik koʻrganingiz maʼqul. Bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda Toshkentda qolish eng toʻgʻri yoʻl deb oʻylayman. Chunki koʻplab davlatlarda chegaralar yopilgan. Qolaversa, xorijda siz oʻzingizni uydagidek erkin his qilolmaysiz. Shu sababli xorijdan 4-5 ta jamoani taklif qilib, qoʻshma oʻquv-mashgʻulotlar yigʻini oʻtkazishni koʻzlab turibmiz. Shu maqsadda Toshkentga Turkiya, Gruziya, Ukraina terma jamoalari va Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri jamoasini chaqirishni reja qilganmiz. Yaqinda “Yangiobod” sport bazasida mashgʻulot oʻtkazdik va bu maskan yigʻin tashkil etish uchun eng qulay joy. Men Olimpiada oʻyinlarida gʻalaba qozonmaguncha Oʻzbekiston terma jamoasidan ketmayman».

Tadbir davomida Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari litsenziantlari ham oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?