Gulistondagi “Yurt bayrogʻi” maydonida gʻalati “galereya”

13:22 26 Yanvar 2022 Jamiyat
283 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Sirdaryo viloyati markazi – Guliston shahridagi “Yurt bayrogʻi” maydonida gʻalati “galereya” paydo boʻldi. Qoʻshtirnoq ichidagi havaskor ijodkorlar maydonda mavjud 14 soyabon va oʻrindiqlarning barini allaqanday surat-u bitiklari bilan bejab chiqishgan. Soyabonlar chizmalarga toʻlib, joy topilmagan shekilli, oʻrindiqlarga ham allaqanday “tarix”lar oʻyib qoldirilgan. Afsuski, bundan sal naridagi “Bilimdonlar maskani”, “Teatr maydoni”dagi oʻrindiqlarda ham mana shunday xunuk holga duch kelasiz.

Essiz! Bu ishlarni katta ehtimol bilan oʻsmir-yoshlar qilgan, degan fikrga kelasan. Lekin kim va nima maqsadda bunday nomaʼqulchilikka yoʻl qoʻyganidan qatʼi nazar, jamoat mulki oʻzimizniki, jamoat joylari ham oʻz uyimiz kabi ekanligini barchamiz chuqur his qilmogʻimiz va bolalarimizni shu ruhda tarbiyalamogʻimiz ayni zaruratdir. Zotan, insonlar uchun yaratilgan qulayliklarga masxaraomuz munosabatda boʻlish, jamoat mulki — xalq mulkini asrab-avaylashdek majburiyatni his qilmaslik insoniylik chegarasidan chiqish ekanini unutmaslik lozim.

Nachora, mutasaddilar bu gʻalati “galereya”ga eʼtibor qaratishadi, degan umiddamiz.

Ahmadali Shernazarov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер