Gulistonda oʻtgan seminarda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mazmun-mohiyati tushuntirildi

18:47 04 Noyabr 2022 Jamiyat
512 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, davlatimiz rahbari shu yilning 28-oktyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Boshqacha aytganda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilindi. Rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach, kuchga kiradigan ushbu kodeksda, 1995-yildagi birinchi tahriridan farqli oʻlaroq, majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmaslik kabilar asosiy prinsip etib belgilandi. Unga koʻra, davlat ehtiyojmand aholini ishga joylash boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi.

Guliston shahrida senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqshunos olimlar tomonidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlab oʻtkazilgan seminarda shular xususida soʻz bordi.

Seminarda Mehnat kodeksi loyihasini ishlab chiqish chogʻida oʻndan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi oʻrganilgani, kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida 1 yil davomida juda chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi.

— Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagiga nisbatan deyarli 3 barobar katta boʻlib, 600 ga yaqin moddani oʻz ichiga olgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Qulmatov. — Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qoʻshildi.

Yangi kodeksdagi normalarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashida, hayotda samarali tatbiq etilishida mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar masʼullariga qonunchilik mazmun-mohiyatini sodda, aniq va toʻgʻri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.

Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solishga imkon beradi.Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band boʻlganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi boʻshliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.

Gender tenglik, neytrallik tamoyillari, imkoniyati cheklangan shaxslar, norezidentlarning mehnat qilish huquqi taʼminlanadi. Ish beruvchilarning mehnat bozoridagi yangi mehnat turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi, mehnat shartnomasi turlari kengaytiriladi va norasmiy tarmoqlarda ishlovchilarni legallashtirishga erishiladi.

Muxtasar aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda qonuniy hal qilishda, ishlagan ishiga, ish beruvchi esa kiritgan sarmoyasiga munosib tarzda eʼtibor va ragʻbatga ega boʻlishini kafolatlaydigan muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?