Gulchilikni sanoat darajasiga koʻtarsa boʻladimi?

17:18 27 May 2021 Iqtisodiyot
438 0

Gulchilik sanʼatmi, ishlab chiqarish yoki havas? Namanganda davom etayotgan 60- Xalqaro gullar festivali doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda bu savollarga bir qator javob qaytarilganday boʻldi. U Sovid-19 pandemiyasidan keyin qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik va gulchilik biznesini shiddat bilan tiklash boʻyicha innovatsion strategiyalar» mavzusida oʻtkazilib, ishtirokchilar Oʻzbekistonda gulchilik sohasini yana-da rivojlantirish, hatto sanoat darajasiga koʻtarish, yangi gul va manzarali daraxtlar turlari seleksiyasini koʻpaytirish uchun chet eldan introduksiya qilish va keltirilgan oʻsimliklarni muhitga moslashtirish ishlari yuzasidan fikr almashdilar.

Taʼkidlash lozimki, Namanganda ayni yoʻnalishdagi ishlar qamrovi tobora kengaymoqda. Masalan, oʻtgan ikki yil ichida viloyat hokimligi bilan Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamkorligida Niderlandiya davlatidan 16 turdagi lola gul koʻchatlari keltirildi va mahalliylashtirish bilan bir qatorda yangi navlarni yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari, agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda. Ayni kunlarda institutda “Manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish” kafedrasi tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda 10 dan ziyod professor-oʻqituvchilar 130 nafar boʻlajak mutaxassislarga taʼlim berib kelishmoqda. Keyingi uch yil mobaynida 5 ta darslik ,3 ta oʻquv qoʻllanma, 10 dan ziyod monografiyalar hamda 70 ga yaqin ilmiy maqolalar chet el va Oʻzbekiston ilmiy jurnallarida chop ettirildi. Oliygoh olimlari, shuningdek, umumiy qiymati 720 mln. soʻmni tashkil etadigan «Namangan sharoitida noyob orxideya gulini koʻpaytirish texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi loyihasi bilan Innovatsiya vazirligining grant loyihasiga egalik qilishmoqda. Bundan tashqari institutda ilmiy laboratoriya va issiqxona qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

Bir paytning oʻzida onlayn va offlayn shaklida boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi professorlari, AQSH, Hindiston, Turkiya, Yaponiya, Niderlandiya va Malayziya kabi davlatlardagi qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, gulchilik va koʻkalamzorlashtirish sohalarida faoliyat olib borayotgan olimlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?